O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi inspektori Lazizbek Hasanov Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida “International Ranger Award” (Xalqaro Reynjerlar mukofoti) bilan taqdirlandi.
Inspektor “Yosh reynjer sifatida noqonuniy daraxt kesish va brakonerlikka qarshi kurashdagi fidokorona xizmati uchun” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Tadbir Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN) 2025 yilgi Jahon kongressi doirasida IUCNning Xalqaro muhofaza etiladigan hududlar bo‘yicha Jahon komissiyasi (WCPA) tomonidan “Conservation Allies”, “Universal Ranger Support Alliance” va IUCN hamkorligida tashkil etildi. Unda 56 mamlakatdan 319 nafar reynjer ishtirok etib, yakunda 6 nafar reynjer va 7 reynjer jamoasi g‘olib deb topildi.

– IUCN 2025 yilgi Xalqaro Reynjerlar mukofoti butun dunyo bo‘ylab reynjerlarning jasorati va tabiatni muhofaza qilishga bo‘lgan sadoqatini yorqin namoyon etmoqda. Ular sayyoramizdagi eng noyob ekotizimlarning haqiqiy posbonlaridir. Xavf-xatarlarga qaramay, reynjerlar yo‘qolib borayotgan turlarni asraydilar va tabiatni muhofaza qilish orqali insoniyatga ilhom bag‘ishlaydilar, — dedi IUCN bosh direktori Gretel Agilar.
Lazizbek Hasanovning taqdirlanishi O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga berilgan yana bir ijobiy baho. Xalqaro Reynjerlar mukofoti dunyo bo‘ylab reynjerlarning jasorati, bardoshi va qat’iyatini qadrlash, ularning yutuqlarini keng jamoatchilikka yetkazish va bu sohaning ahamiyatini oshirishga qaratilgan.
2025 yilgi g‘oliblar faoliyati “Global bioxilma-xillik doirasi”ning asosiy maqsadlariga — 2030 yilgacha yer, suv va dengiz hududlarining 30 foizini muhofaza qilish vazifasiga to‘liq mos keladi. Ular mahalliy jamoalar bilan hamkorlikda ta’lim, targ‘ibot va ekologik rivojlanish orqali inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA