Chexiya poytaxti Praga shahrida dzyudo bo‘yicha yakunlangan Yevropa ochiq kubogida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Kecha xalqaro turnirning so‘nggi kungi bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasining uch nafar a’zosi - Shukurjon Aminova, Davlat Bobonov va Muzaffarbek To‘raboyev bronza medallari uchun bellashuvlarda ishtirok etdi.

13 oylik katta tanaffusdan keyin nufuzli turnirlarda ishtirokini boshlagan Davlat Bobonov -90 kilogramm og‘irlikdagi saralash bellashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi.
Biroq, 3-o‘rin uchun kechgan shiddatli kurashda o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni, kattalar o‘rtasida Yevropa chempionati g‘olibligiga erishgan chexiyalik 22 yoshli Adam Kopetskiyga ochkolar hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va 5-o‘rin bilan kifoyalandi.

Terma jamoamiz a’zosi Shukurjon Aminova -57 kilogramm vaznda bronza medali uchun kechgan bellashuvda Shveysariya terma jamoasi a’zosi Binta Ndiayeni mag‘lubiyatga uchratdi.
+100 kg vaznda vatanimiz sharafini himoya qilgan Muzaffarbek To‘raboyev bronza medali yo‘lidagi bellashuvda mezbonlar vakili Yan Masekni ippon bahosi evaziga mag‘lub etdi.
Umumjamoa hisobida 35 ta davlat orasida 6 ta oltin, 6 ta kumush va 2 ta bronza medalini jamg‘argan Fransiya terma jamoasi 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Ozarbayjon (2-1-4), Turkiya (2-1-0), Ukraina (1-2-1) jamoalari keyingi pog‘onalarni band etdi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yosh dzyudochimiz Zamohshari Bekmurodovning oltin, Irisxon Qurbonboyeva, Shukurjon Aminova va Muzaffarbek To‘raboyevning bronzasi hisobiga 5-qatordan joy egalladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA