Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonlik davlat xizmatchilari va iqtidorli yoshlar BMT tizimida stajirovka o‘taydi
19:09 / 2025-09-23

Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida «El-yurt umidi» jamg‘armasi rahbariyati ham bor.

Tashrif doirasida «El-yurt umidi» jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova BMTning Xalqaro fuqarolik xizmati komissiyasi (UN ICSC) raisi Larbi Jakta bilan uchrashdi. 

Tomonlar komissiyaning jamg‘arma va Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. 

Davlat boshqaruvi, fuqarolik xizmati va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlari bo‘yicha BMT tizimida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish dasturlarini o‘z ichiga olgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib olindi. 
Uchrashuv yakunida hamkorlik haqida bitim imzolandi. Ushbu bitim «El-yurt umidi» jamg‘armasi tarixida BMT tizimi tashkiloti bilan aloqalarni mustahkamlovchi ilk rasmiy hujjat hisoblanadi. 

Bitimning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlari doirasida imzolanishi uning ahamiyatini yanada oshiradi. 

Hujjatga ko‘ra, tomonlar davlat xizmatchilari va jamg‘arma stipendiatlarini tayyorlash hamda malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Tadqiqotlar va texnik ishlanmalar bilan tajriba almashadi. 

Konferensiyalar, seminarlar, amaliy mashg‘ulotlar va boshqa kasbiy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. UN ICSC raqamli boshqaruv, inson resurslarini boshqarish va fuqarolik xizmati amaliyoti sohalarida ekspertlik va texnik yordam ko‘rsatadi. 

Ushbu hujjatning imzolanishi O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash va inson kapitalini mustahkamlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

N.Abduraimova, O‘zA