Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonlik bilyardchi jahon chempionatida e’tirof etildi
17:06 / 2023-12-25

Mamlakatimizda bilyard sport turi bo‘yicha mahoratli sportchilarni tayyorlash, xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya etadigan terma jamoa a’zolariga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar tufayli o‘tayotgan yil davomida ham o‘zbekistonlik bilyardchilar bir qator nufuzli musobaqa va turnirlarda o‘z mahoratini namoyish etib kelmoqda.  

Yaqinda Xitoyda bilyard bo‘yicha tashkil etilgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Safoyiddin Sadirov munosib natija qayd etgani o‘ziga xos voqelik bo‘ldi.  

Mukofot jamg‘armasi bir million bir yuz AQSH dollaridan iborat bo‘lgan 6-jahon chempionatida 60 ga yaqin davlatning 500 nafardan ziyod bilyardchilari orasida terma jamoamiz a’zosi S.Sadirov Angliya, AQSH, Xitoy, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Belarus kabi davlat vakillari bilan murosasiz bahslarda o‘z mahoratini namoyish etdi.  

– Jahon chempionatida qatnashish har bir sportchining orzusi. Bunday sharafga erishishimga, eng avvalo, mamlakatimizda boshqa sport turlari singari bilyard rivojiga ham alohida e’tibor berilayotgani, O‘zbekiston bilyard sporti federatsiyasining Xalqaro bilyard federatsiyasi tizimida munosib o‘ringa ega bo‘lib borayotgani sabab bo‘ldi. Chempionat jarayonida yuzdan ortiq bahs o‘tkazdim. Aniq harakatlarim natijasida 500 nafar ishtirokchi orasida 64 nafar kuchli bilyardchilardan biri sifatida 1500 AQSH dollari miqdoridagi mukofotga ega chiqdim, – deydi S.Sadirov.  

Chempionat sarhisobi hamda musobaqa nizomiga muvofiq Sadirov dunyoning eng kuchli top-128 talik ro‘yxatdan joy olgan bilyardchilar qatorida 2024 yilgi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.  

Aytish lozim, shu paytgacha yurtimiz bilyard sporti vakillaridan biron bir sportchi jahon chempionatida ishtirok etmagandi. Terma jamoamiz a’zosining bunday sharafga erishishi O‘zbekiston bilyard sportida tarixiy ko‘rsatkich sifatida e’tirofga loyiqdir.  

T.Ro‘ziyev, O‘zA