Tojikistonda o‘tkazilgan XIII xalqaro Dushanbe yarim marafonida mamlakatimiz sportchilari shohsupaga ko‘tarildi.
Belarus, Kanada, Keniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Ukraina, Fransiya, Xitoy, AQSH, Eron, Efiopiya kabi mamlakat vakillari ishtirok etgan yarim marafon musobaqalarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Shohrux Davlatov belgilangan masofani 1:01:24 vaqtda bosib o‘tib, erkaklar o‘rtasida Dushabe yarim marafoni g‘olibiga aylandi. Ayollar o‘rtasida yurtimizda tashkil etilgan bir qator marafonlar g‘olibi bo‘lgan hamyurtimiz Yekaterina Tunguskovaga teng keladigan yuguruvchi topilmadi. U marrani 1:13:31 vaqtda bosib o‘tdi hamda oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda hamyurtimizdan keyingi o‘rinlarni efiopiyalik Girsha Tilaxun (1:13:26) va qozog‘istonlik Rahimjon Kelmanov (1:06:46) egalladi. Ayollar orasida Yekaterina Tunguskovadan ortda qolgan tojikistonlik Ulyana Kuzminova (1:22:26) hamda Zulxijja G‘afforzoda (1:28:09) kumush va bronza medaliga ega chiqdi.
Har ikki g‘olib sportchimiz sharafiga O‘zbekiston madhiyasi yangragan Dushanbe yarim marafonida ular ko‘rsatgan vaqt birligi rekord natija sifatida e’tirof etildi. Ta’kidlamoq kerakki, yurtimiz yengil atletikachilari marafon musobaqalarida ilk bor Afrika va Yevropaning yetakchi mamlakatlari sportchilarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lishdi.
T.RO‘ZIEV, O‘zA