Toshkentda “Seeds for the Future” ta’lim dasturining navbatdagi bosqichi rasman boshlandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi, IT-ta’lim assotsiatsiyasi nodavlat notijorat tashkiloti vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda dasturning avvalgi ishtirokchilari qatnashdi.
Unda so‘zga chiqqan Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi direktori Azamat Eshonqulov yoshlarning raqamli sohadagi intilishlarini yuqori baholadi.
–O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni yuksaltirish jarayonlari tezlashdi. Bu esa malakali IT mutaxassislarga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. Yoshlarning bilim darajasi, yangicha fikrlashi va global ta’lim tashabbuslarda ishtirokidan mamnunmiz. “Seeds for the Future” kabi platformalar mamlakatimiz uchun raqamli kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi u.
Qayd etilganidek, “Seeds for the Future” dasturi raqamli texnologiyalarga qiziqishi yuqori bo‘lgan iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xalqaro ta’lim tashabbusidir. 2008 yildan buyon loyiha 142 mamlakatdan 19 mingdan ortiq talabani qamrab olgan bo‘lib, 500 dan ziyod universitet bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Tadbirda ma’lum qilinganidek, bu yilgi dasturda ishtirok etish uchun O‘zbekistonning olti oliy ta’lim muassasasidan saralangan 10 nafar talaba joriy yilning 19-25 oktyabr kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tadigan xalqaro o‘quv dasturiga yo‘llanma oldi.
Bir haftalik dastur doirasida 19 mamlakatdan 150 nafar ishtirokchi sun’iy intellekt, 5G aloqa tizimlari, bulutli texnologiyalar va AKTning zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha treninglarda ishtirok etadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA