Istiqlol yillarida mamlakatimizda mahallalarning mavqei va maqomini yuksaltirish, ularning jamiyatimizda kechayotgan islohotlar jarayonidagi faolligini oshirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan tashabbuslar ilgari surildi. Bugungi kunda mahallalar Vatan ichra mo‘’jaz Vatan ekanini har bir fuqaro dildan anglamoqda. O‘z hayoti, taqdirida bunga qayta -qayta ishonch hosil qilmoqda.
Mamlakatimizda keyingi yillarda mahalla tizimining nufuzini oshirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida katta qadamlar tashlandi. Xususan, Konstitutsiyamizda mahallaning maqomi alohida belgilab qo‘yildi. Soha faoliyatini tartibga soladigan yuzga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Mahalla tizimi islohotlarning hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylandi. Bugungi kunda mahallalarimizda mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, soliq inspektori va ijtimoiy xodimdan iborat “mahalla yettiligi” ishlamoqda. Ularga zarur vakolat va imkoniyatlar yaratib berildi. Hozir “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” bo‘yicha, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi, Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan 67 turdagi yordam va ajratiladigan subsidiyalar “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Mahallaning jamiyatdagi rolini yanada oshirish, aholi muammolari bilan ishlashda o‘rnini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, hududlarda uning bo‘linmalari tashkil etildi. Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari tuzildi.

Uyushmaning hududiy boshqarmalari hamda 208 ta tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari lavozimiga tayinlandi hamda mahallalar oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab berildi. Mahallalar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 12 ta qonunchilik hujjati (2 ta qonun, Prezidentning 2 ta qarori, Hukumatning 8 ta qarori) loyihalari ishlab chiqilib, Hukumatga kiritildi.
Joriy yildan boshlab ilk marotaba fuqarolar yig‘inlari raislari orasida “Eng namunali mahalla raisi” tanlovi o‘tkazildi. Tanlov g‘oliblari 22 mart – Mahalla tizimi hodimlari kuni arafasida e’lon qilindi. Ayni kunlarda “Mustaqilligimizning 33 yilligiga 33 ta loyiha” tanlovi qizg‘in davom etmoqda. Tanlov g‘oliblarini rag‘batlantirish maqsadida 1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada ilk bor umumiy ishsizlar, kam ta’minlangan oilalar, xorijga ishlash uchun ketgan fuqarolar, nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ijtimoiy daftarlarda turuvchi oilalar, probatsiya va profilaktik hisobda turuvchilar, ajrim yoqasidagi oilalarning yagona kompleks balansi shakllantirildi.
Bugungi kunda barcha mahallalar 25 ta yo‘nalish, 401 ta ko‘rsatkichdan iborat “mahalla balansi”ga ega.
Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligiga qadam tashlagan bir mas’uliyatli damda muammolardan ko‘z yummay, ularning ildizlarini bartaraf etishga katta ahamiyat qaratilayotgani ahamiyatga molik. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada 1 million 7 ming nafar ishsiz, 1,7 million nafar kambag‘al oila mavjud. Nogironligi bor shaxslar 815 ming nafarni, boquvchisini yo‘qotgan oila 199 mingtani, “Temir daftari”dagi oila 56 mingtani, “Ayollar daftari”dagilar 1 million 36 mingtani, “Yoshlar daftari”dagilar 110 mingtani, probasiya hisobida turuvchi 77 mingtani, profilaktik hisobda turganlar 240 mingtani, ajrim yoqasidagi oilalar 40 mingtani tashkil etadi.
Aholi muammolarini tizimli tarzda bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari va har bir mahalla Ombor kitobi ishlab chiqildi. Tizimda turli byurokratiya, qog‘ozbozliklarning oldini olish maqsadida “mahalla yettiligi” tomonidan alohida yuritilayotgan tarqoq platformalar o‘rniga “Raqamli mahalla” yagona elektron platformasi ishga tushirildi.
Ushbu platformaga “mahalla balansi”, aholiga ko‘rsatiladigan yordamlar, kasbga o‘qitilgan, subsidiya, grant va kredit mablag‘lari olgan shaxslar, ish beruvchi va ishsizlar, nikohni tuzish bo‘yicha ariza bergan, tuzilgan va bekor qilingan, migratsiyada yurgan fuqarolar, 3 ta daftardagi shaxslar, “yettilik”ni baholash natijasi haqida ma’lumot kiritilgan.
“Mahalla yettiligi”ning malakasini oshirish maqsadida Uyushmada malaka oshirish va mahallalarni metodik ta’minlash o‘quv-uslubiy markazi tashkil etildi hamda hokimliklar huzuridagi mahalla xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha 14 ta o‘quv kursi rahbarlari uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Shuningdek, “mahalla yettiligi” a’zolarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan 2024 yilga mo‘ljallangan o‘quv dasturi hamda onlayn platforma ishlab chiqildi. Bugungi kunga qadar barcha mahalla raislari o‘qitildi.
“Mahalla yettiligi” hamkorligi bo‘yicha 6 ta uslubiy-qo‘llanma ishlab chiqildi. Har biri 10 ming (jami 60 ming) nusxada chop etilib, barcha mahallaga yetkazildi. “Mahalla yettiligi” a’zolariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yetkazish maqsadida “Mahalla” media-markazi, “Mahalla” press-klubi hamda “Jalinga” studiyasi ochildi.
Aholi muammolari bilan ishlash va “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Uyushmada 24 soat uzluksiz ishlaydigan “Call-markaz” faoliyati (yagona qisqa raqam) yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yil 20 martdan boshlab, barcha mahallaga 16 ta bankning mas’ullari biriktirilib, “Ishsizlikdan xoli hududga aylantirish” biznes dasturi ishlab chiqildi. “Mahalla yettiligi” va banklar hamkorligida joriy yilda 836 ming 50 nafar ishsizlarning bandligini ta’minlash rejasi ishlab chiqilib, bugungi kunda 412 ming 753 nafar (49,3 foiz) aholining bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 4 million 435 mingta xonadonda tomorqadan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yildi, 522 ming 749 ta xonadonda qo‘shimcha daromad manbai yaratildi.
Tashqi migratsiyada yurgan fuqarolarning muammolarini o‘rganish va hal etish hamda qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash masalasi — Uyushma faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan. Hozirgi kunda “mahalla yettiligi” tomonidan tashqi migratsiyada yurgan 1 million 419 ming 588 nafar fuqaro xatlovdan o‘tkazildi, ular bilan onlayn muloqot qilindi, natijasi bo‘yicha har bir mahallada tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
Joriy yilda mehnat migratsiyasida yurgan 155 ming 964 nafar fuqaroni (102 ming 813 nafari erkaklar, 53 ming 152 nafari xotin-qizlar) qaytarishga erishildi. Bugungi kunda ularning 31 ming 637 nafari ishga joylashtirildi.
Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 9 ming 452 ta mahalla, 832 ta sektor, 208 ta tuman (shahar) va 14 ta hududning Bandlik dasturlari shakllantirilib, xalq deputatlari tuman (shahar) va viloyat Kengashlari qarorlari bilan tasdiqlandi.
Mahallalar moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha barcha mahallalarning moddiy-texnika ta’minoti xatlovdan o‘tkazildi. O‘tgan 5 oyda 189 ta mahallaga yangi bino qurildi, 97 tasi joriy, 40 tasi kapital ta’mirlandi, 87 tasi rekonstruksiya qilindi.
Mahallalarning moliyaviy imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha yer va mol-mulk solig‘i hisobidan 822,6 milliard so‘m soliq tushumi undirilib, 9 ming 452 ta mahalla byudjetiga 82,2 milliard so‘m daromad tushurildi.
Bulardan tashqari, Uyushma tashabbusi bilan mahallalarda 178 ming 10 ta tadbir, jumladan, 165 ming 515 ta madaniy-ma’rifiy, 11 ming 25 ta konsert dasturlari, 490 ta teatr tomoshasi, 980 ta muzeylarga sayohatlar tashkil etilib, 1,4 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan mahallaning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish maqsadida kelgusida qator ustuvor vazifalar amalga oshiriladi. Jumladan, 2025 yil may oyida o‘tkaziladigan mahalla raislari saylovi tadbirlari shulardan biridir. Uni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha kalendar reja ishlab chiqildi, 9 ming 452 ta mahalla raisi lavozimiga 3 nafardan nomzodlar shakllantirildi, ular yil yakuniga qadar o‘qitiladi.
Yil yakuniga qadar jami 472 ta mahalla binolari, shundan Uyushma tomonidan hashardan tushgan mablag‘lar hisobiga 208 tasi, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan 208 tasi, hududiy sektor rahbarlari tomonidan 56 tasi quriladi.
9 ming 452 ta mahalla binolari yonida yengil konstruksiyali sartaroshxona, go‘zallik saloni, novvoyxona, tikuvchilik sexi, poyabzal ta’mirlash ustaxonasini tashkil etish orqali har bir mahallada 10 tadan yangi ish o‘rni yaratiladi. Ishsizlar qiziqishi bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitilib, mazkur ish o‘rinlariga joylashtiriladi. Natijada respublika bo‘yicha 95 mingga yaqin ishsiz bandligi ta’minlanib, 47 mingdan ortiq fuqarolar tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
Joriy yil noyabr oyi oxiriga qadar aholi muammolari mahallaning o‘zida hal qilinadigan tizim yaratiladi hamda “mahalla yettiligi” a’zolari mustaqil faoliyat yuritadigan idoraga aylantiriladi.
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida mahallalar yanada obod, fayzli, tartibli ko‘rinishga keltiriladi. Mahalla fuqarolar yig‘inlarida ijodkor-ziyolilar, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, ibratli hayot yo‘lini bosib o‘tgan nuroniylar ishtirokida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan muloqotlar, ma’rifiy anjumanlar, davra suhbatlari, musiqiy dasturlar tashkil etiladi.
Shu bilan birga, yangidan-yangi mahalla guzarlari, bolalar sport-sog‘lomlashtirish maydonchalari, ijtimoiy ob’ektlar ishga tushirilishi ko‘zda tutilgani, yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan, ko‘makka muhtoj fuqarolar holidan xabar olishga doir ishlar qamrovi yanada avj olishi rejalashtirilayotgani e’tiborga molikdir.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri