English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 106 ta loyihani amalga oshirish uchun 2,8 milliard yevrodan ortiq mablag‘ olib kirdi
16:20 / 2022-02-01

O‘zbekiston jalb qilingan mablag‘lar bo‘yicha ketma-ket ikkinchi yil Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankning Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik hamkoriga aylanmoqda. Birgina 2021 yilda YeTTB muqobil energetika, infratuzilmaviy rivojlanish hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash sohalarida 22 investitsiyaviy loyihani amalga oshirish doirasida mamlakatga qariyb 700 mln. dollar investitsiya kiritdi.

Shu bilan birga, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston YeTTBning investitsiyalar kiritilishi bo‘yicha «top-5 mamlakatlariga» kirdi. 
Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti Odil Reno-Basso bilan bo‘lib o‘tgan videokonferensiya muzokaralarida aytib o‘tildi.  

Muzokarada mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda O‘zbekiston bilan YeTTB o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. 

bugungi kunga kelib YeTTB ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalar portfeliga 838 mln. yevro qiymatidagi 11 ta loyiha kiradi. Mazkur loyihalarni hayotga joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama etilib, aniq muddatlar va kutilayotgan natijalar belgilab olindi. 

O‘zbekiston tomoni YeTTB hamda O‘zbekistonning xususiy kompaniyalar va tijorat banklari o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Xususan. hamkorlik o‘rnatilganidan buyon YeTTB 106 ta loyihani amalga oshirish uchun 2,8 milliard yevrodan ortiq mablag‘ni olib kirdi. Bank investitsiyaviy portfelining 48 foizi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash loyihalaridan iborat hamda mamlakatimiz tijorat banklariga kichik va o‘rta biznes uchun mo‘ljallangan kredit liniyalari shaklida ajratilgan umumiy moliyalashtirishning hajmi 450 mln. dollarni tashkil etadi. 

Muloqot chog‘ida tomonlar davlat korxonalari va banklarni xususiylashtirishda texnik yordam ko‘rsatish, investitsiyaviy muhitni yuksaltirishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, aralash moliyalashtirish vositalarini joriy etish orqali kommunal xizmatlar va infratuzilmaviy rivojlanishning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, moliya bozorini rivojlantirish va mahalliy eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni muhokama qildi. 

Investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish vositalarini, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni o‘z ichiga oladigan O‘zbekiston sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish borasida hamkorlik qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Hamkorlikning ushbu yo‘nalishini birgalikda ish olib borish va aniq takliflar ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Shuningdek, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash  va atrof-muhitni muhofaza bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, «yashil» iqtisodiyotni ilgari surish borasida YeTTB ko‘rsatayotgan moliyaviy va maslahat yordamining hajmini oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekistonda «yashil» loyihalar Markazini tashkil etish tashabbusi ko‘rib chiqildi. Bu esa rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va xususiy investorlarning «yashil» texnologiyalarni ilgari surish va «yashil» iqtisodiyotga o‘tish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirishga imkon beradi. 

Muzokaralar kun tartibida gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish va ularning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtirokini oshirish chora-tadbirlariga muhim o‘rin berildi. Mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Ayollar biznesda» dasturini yanada kengaytirish yo‘llari alohida muhokama qilindi. 

Bundan tashqari, boshqa masalalar, jumladan, O‘zbekiston hududlarida Bankning yangi ofislarini ochish istiqbollari, 2023 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YeTTB Boshqaruvchilar Kengashining Yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish,
shuningdek, joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiyaviy forumida Bank rahbariyatining ishtirokini tashkil qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. 

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirishga doir taklif va tavsiyalar bildirildi.  


Go‘zal Sattorova, O‘zA