Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitimni (Anqara, 2023 yil 16 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasining Turkiy investitsiya jamg‘armasidagi ulushini Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitimda (Anqara, 2023 yil 16 mart) nazarda tutilgan muddatlarda shakllantirish, shu jumladan, uning boshlang‘ich kapitalidagi 2 mingta aksiyaga obuna bo‘lish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish manbai ekanligi belgilanmoqda.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitimning bajarilishi uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli mablag‘larni o‘tkazish bo‘yicha buyurtmanomalar taqdim etib boradi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitim bo‘yicha depozitariy funksiyasini bajaradi.
Turkiy investitsiya jamg‘armasi doirasida hamkor davlatlar, jumladan, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya bilan investitsiyaviy loyihalarni, xususan, elektrotexnika, yengil sanoat, avtosanoat, charm sanoati, qurilish materiallari sohalarida qo‘shma sanoat kooperatsiyasi kabi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga xizmat qiladi.
Jamg‘armaning mablag‘lari mintaqalararo savdo, qo‘shma loyihalar, yashil iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, transport, logistika va boshqa sohalarni rivojlantirishga qaratiladi.
Bitimning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonga yangi va muhim moliyaviy mexanizmning teng huquqli ishtirokchisiga aylanish imkonini beradi. Undan esa o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida investitsiya loyihalarini ilgari surish, shuningdek, turkiy davlatlar bilan infratuzilma va transport-logistika aloqalarini rivojlantirishda uchun foydalaniladi.
N.Abduraimova, O‘zA