Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha dunyo miqyosida eng yuqori o‘sish qayd etilgan TOP-7 davlatlar qatoriga kirdi.
Xususan, mamlakatga tashrif buyurgan xalqaro turistlar oqimi 2019 yil darajasiga nisbatan 73 foizga oshib, O‘zbekistonning global turizm makonidagi mavqei izchil mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 11 oyda esa O‘zbekistonga turistlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi. Jumladan, yanvar-noyabr oylarida jami 10,7 mln. nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Mamlakatimizga sayyohlar oqimining ko‘payishi viza rejimini kengaytirish, transport qulayligini oshirish va faol xalqaro marketing siyosati bilan bog‘liq. Yangi mehmonxonalar, sayohat kompaniyalari va turizm mutaxassislari soni sezilarli darajada oshdi, bu esa mamlakat infratuzilmasini mustahkamlaydi va uni jahon sayohat bozorida yanada raqobatbardosh qiladi.
Samarqand, Buxoro va Xiva kabi an’anaviy tarixiy markazlardan tashqari, ekologik va gastronomik turizmga bo‘lgan qiziqish ham ortib bormoqda. Aynan shu shaharlar sayyohlar uchun o‘ziga jalb qiluvchi “ochiq osmon ostidagi muzey” bo‘lib xizmat qilmoqda. Ulug‘bek rasadxonasi, Registon maydoni, Ichan qal’a kabi yodgorliklar yildan-yilga minglab xorijiy sayyohlarni jalb etmoqda.
Bu esa mamlakatning sayyohlik takliflarining xilma-xillashuvini ko‘rsatmoqda. Uzoq xorijdan kelayotgan sayyohlar sonining ko‘payishi O‘zbekistonning mintaqaviy yo‘nalish chegaralaridan chiqib, global turizmda o‘z o‘rnini mustahkamlayotganidan dalolat beradi. Bu yutuqlar BMT Turizm barometrida tasvirlangan global tendensiyalar doirasida turizm sohasining yanada rivojlanishi uchun qulay istiqbollarni yaratmoqda.
O‘zbekistonga tashrif doirasida tijorat maqsadida kelgan chet elliklar soni 2,7 barobarga oshgan. Birgina yanvar-oktyabr oylarida jami 362,8 ming nafar chet el fuqarolari tijorat maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Xorijiy korxonalarning eng ko‘pi savdo sohasida faoliyat yuritib, ayni paytda mamlakatimizda chet el investitsiyalari ishtirokida jami 17 900 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Mamlakatimizga xorijlik mehmonlarning yana bir qiziqqan tomoni shundaki, bu yurtimizning milliy taomlaridir.
Yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millatlarning bir necha asrlar davomida to‘plangan oshpazlik an’analari ham bugungi kunda yagona va hammamizga tushunarli bo‘lgan o‘zbek oshxonasining mazali taomlari majmuasida mujassamlashgan. Bundan tashqari ko‘pincha mehmonlar qarindoshlarini yo‘qlash uchun keladi.Tashrifning boshqa maqsadlariga xizmat safarlari, sayohat, tijorat, o‘qish va davolanish kiradi. Tibbiy yordam uchun 9 mingga yaqin kishi kelgan.
Bugungi kunda yurtimizda tibbiyot tizimini yanada rivojlantirish, sohani raqamlashtirish, bemorlar uchun qulaylik, shifokorlar uchun samaradorlik, davlat uchun esa shaffoflik va tejamkorlikni ta’minlash uchun muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada O‘zbekiston tibbiyot tizimining nufuzi oshib, nafaqat O‘rta Osiyoda, balki jahonga tanilmoqda.
Buning natijasida birgina, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida jami 75 ming 666 nafar chet el fuqarolari davolanish maqsadida O‘zbekistonga kelgan. Bulardan eng ko‘pi Tojikiston Respublikasi fuqarolaridir.
Shu o‘rinda mamlakatimiz aholisining ham chet elga sayohati ortgan.
Xususan, joriy yilning 11 oyida Yaponiyaga borgan O‘zbekiston fuqarolarining safar maqsadlari tahlil qilinganda — sayohat maqsadida 2,2 ming nafar, qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida 294 nafar, o‘qish uchun 137 nafar, xizmat yuzasidan 58 nafar hamda davolanish maqsadida 4 nafar fuqaro safar qilgan.
Shuningdek, mazkur davrda O‘zbekistonga qariyb 30 ming nafar yaponiyalik turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. O‘z o‘rnida 22,3 ming nafar O‘zbekiston fuqarolari turistik maqsadlarda Tailandga safar qilgan. 10 oyda 230 mingdan ziyod o‘zbekistonliklar Turkiyaga borgan bo‘lsa, o‘tgan 10 oyda 237 mingdan ziyod o‘zbekistonliklar Saudiya Arabistoniga safar qilgan.
Mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va kelajakdagi istiqbollar haqidagi tahlillar ushbu sohaning rivojlanishiga, shuningdek, turizmni rivojlantirishga oid vazifalar aholi daromadi oshishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA