O‘zbekistonga tashrif buyurgan turistlar soni ortib bormoqda
Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda 11,7 million nafar chet el fuqarolari O‘zbekistonga turistik maqsadlarda kelgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,7 million nafarga yoki 46,8 foizga oshgan.
Turistlar oqimining sezilarli o‘sishi mamlakatda turizm infratuzilmasi rivojlanib borayotgani, viza tartib-taomillarining soddalashtirilishi hamda xalqaro hamkorlikning kengayayotgani bilan izohlanadi.

Tashrif buyurgan turistlar soni bo‘yicha yetakchi davlatlar quyidagilardan iborat: Qirg‘iz Respublikasi — 3,3 million nafar, Tojikiston va Qozog‘iston — 2,7 million nafardan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan 984,4 ming nafar, Afg‘onistondan 476,7 ming nafar, Turkmanistondan 370 ming nafar fuqaro O‘zbekistonga kelgan.
Bundan tashqari, Xitoydan 278,9 ming nafar, Turkiyadan 174,9 ming, Hindistondan 80,8 ming va Koreya Respublikasidan 46,3 ming nafar turist tashrif buyurgan.
Hamroz Bayanov,
O‘zA