Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonga noqonuniy to‘rlar olib kirilayotgani aniqlandi
15:50 / 2025-04-03

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi bilan birgalikda O‘zbekistonga chetdan kirib kelgan, baliq ovlashga mo‘ljallangan to‘rlarni o‘rgandi.

O‘rganish davomida to‘rlar sun’iy toladan tayyorlangani va o‘lchamlari belgilangan me’yorlarga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, maxsus tamg‘alanmagan hamda vakolatli organ tomonidan hisobga olinmagan har qanday to‘rlar, yoyma to‘rlar (nakidka), ikki tomonlama mahkamlanadigan 10 tadan ortiq ilgakli vositalar (peremet), changakli ovlash vositalari (astraga), elektr qarmoq, mahkamlanadigan tuzoqsimon to‘rlar (venter, mordushka) va boshqa baliq ovlashning brakonerlik qurollari va vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda tafsilotlarni aniqlash va tegishli chora ko‘rish maqsadida o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA