Dunyo davlatlarining tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, mamlakatning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq.
Shu sababli, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, «Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz».
Shunday ekan, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, davlatimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan, zamonaviy fikrlaydigan, yosh, iqtidorli, serg‘ayrat, kuchli bilimli, istiqbolli, o‘z qat’iy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmagan, yurtning ertangi munosib kelajagi uchun daxldorlikka tayyor, maqsadga intiluvchan, vatanparvar, sadoqatli shaxslar sifatida tarbiyalash O‘zbekistonni dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishining muhim omili ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz.
bugungi davr davlat xizmatchilari oldiga yangicha talablar qo‘ymoqda. Mamlakatimizni zamonaviy bosqichda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘lida zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalariga ega, intellektual salohiyatli, yetuk, malakali kadrlarni yetishtirib chiqarish zamon talabidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 5843-son Farmonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga malakali va yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan xorijda yashayotgan vatandoshlar orasidan aniqlash va jalb etish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatiga iqtidorli yoshlar va xotin-qizlarni keng jalb etish bo‘yicha tizimli ishlarni olib borish, aholi, ayniqsa yoshlar orasida barcha darajalardagi davlat fuqarolik xizmati nufuzini oshirish,istiqbolli va iqtidorli shaxslarni, ayniqsa, yoshlar orasidan izlab topish va saralab olish, yosh kadrlar uchun davlat organlari va tashkilotlaridagi tajribali rahbarlar va mutaxassislar tomonidan ustozlik institutini joriy qilish, bundan tashqari eng istiqbolli kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilishni tashkillashtirish kabi yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.
Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida joriy yilning noyabr-dekabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali tomonidan viloyatdagi bir qator oliy ta’lim muassasalarida, xususan, Samarqand davlat universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida «Zamonaviy kadrlar tayyorlash, iqtidorli yoshlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, bitiruvchilarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bandligini ta’minlash istiqbollari» mavzusida talaba yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Ushbu ochiq muloqotlarda Agentlik hududiy filiali rahbar va xodimlari, manfaatdor boshqarma va idoralarning rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rahbariyati, professorlar, talaba yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida Agentlik hududiy filiali va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida «Hamkorlik to‘g‘risidagi chora-tadbirlar dastur»lari imzolandi. Hujjatda yangi avlod kadrlarini maqsadli tayyorlashda Agentlik salohiyatidan keng foydalanish, zamonaviy ta’lim dasturlari yaratishda metodik yordam ko‘rsatish, tizimda amaliy darslar va stajirovkalar o‘tkazishga kelishib olindi.
Ochiq ruhda o‘tgan muloqotlar davomida davlatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga muvofiq kadrlar tayyorlashning mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, oliy ta’lim muassasalarida kadrlar seleksiyasini tizimli yo‘lga qo‘yish, xalqaro standartlarga mos oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashga zarur shart-sharoitlar yaratishga oid ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Shu o‘rinda, uchrashuvlarda 2020-2021 o‘quv yili bitiruvchi talabalarini ish bilan ta’minlanish masalasiga hozirdan alohida e’tibor qaratish zarurligi va bu borada Dilobar Asliddin qizi manfaatdor boshqarma va idoralar bilan uzviylikni kuchaytirish maqsadida tegishli yo‘nalishdagi boshqarma va idora rahbarlari ham jalb etilgani bejiz emasligi qayd etildi.
Shuningdek, tadbirlar davomida agentlik filiali tomonidan davlat fuqarolik xizmatida “KPI” eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimi, “HR metrica”, meritokratiya tamoyilini amaliyotga joriy etish, bu borada agentlik tomonidan «Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali» https://vacancy.argos.uz/ning ishga tushirilgani va ushbu portal orqali ayni vaqtda viloyatdagi davlat tashkilotlari va mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi vakant lavozimlarga tanlov e’lon qilingani haqida ta’kidlab o‘tildi.
Ushbu uchrashuvlar doirasida bitiruvchi kurs talabalaridan oliy ta’lim muassasalarida olgan bilimlari va ta’lim sifatidan qoniqish darajasi hamda kelajakda qaysi sohada ishlashni istashlari va bunga erishishda mavjud to‘siqlar hamda boshqalar yuzasidan anonim so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnoma tahlil natijalariga asosan bitiruvchi talaba yoshlarning muammolari batafsil o‘rganildi hamda ularning yechimi bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Ochiq muloqotlar yakunida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida imzolangan ikki tomonlama hamkorlik chora-tadbirlari doirasida ishlarni kuchaytirish, jumladan 2021 yil yanvar oyidan boshlab oliygohlar bitiruvchi kurs talabalariga Agentlikning hududiy filiali mutaxassislari tomonidan davlat fuqarolik xizmati sohasida amaliy darslar tashkil etishga hamda yangi tashkil etilgan yo‘nalish Inson resurslarini boshqarish yo‘nalishi talabalarining amaliyot o‘tash masalalari kelishib olindi.
Ushbu kelishuvlarga asosan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Samarqand davlat universiteti va Samarqand iqtisodiyot va servis institutlari o‘rtasida allaqachon hamkorlikdagi amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi. Xususan, oliygohlarning Inson resurslarini boshqarish yo‘nalishida tahsil olayotgan bakalavr va magistratura bosqichlari talabalariga Agentlik filiali mutaxassislari tomonidan amaliy darslar tashkil etilmoqda. Ushbu amaliy darslar davomida talabalarga birinchi navbatda Agentlikning maqsad va vazifalari, faoliyatining mazmun-mohiyati, qolaversa, bugungi kunda Agentlik tomonidan kadrlar siyosati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlari batafsil tushuntirib o‘tilmoqda. Shuningdek, talabalarga xodimlarni tanlash, saralash, baholash, ularni oqilona boshqarish, rag‘batlantirish kabi inson resurslarini boshqarish yo‘nalishiga oid bo‘lgan mavzularda o‘quv-seminarlar tashkil etib kelinmoqda.
Kelgusida Agentlik hududiy filiali hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi kelishuvga asosan talabalarning o‘zlari tanlagan davlat organlari va tashkilotlaridagi malakali kadrlar xizmati rahbarlariga stajirovka davrida biriktirilishi, ular bilan ustoz-shogird an’anasiga muvofiq ishlarni tashkil etish hamda amaliyot yakunida yaxshi natijalarga erishgan talabalarni ish bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi.
R.Umarova , O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi Samarqand viloyati filiali
bosh inspektori