2025 yil aprel oyidan boshlab O‘zbekiston har oyda 1 milliondan ortiq xorijiy turistlarni qabul qilmoqda. Shu tariqa, joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakatga 8,6 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 112,5 foizga ko‘pdir. Bu haqida Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, xorijiy turistlar oqimi sezilarli o‘sgan. O‘zbekiston turizmi so‘nggi yillarda yuksak sur’atlar bilan rivojlanmoqda. 2025 yilda xorijiy sayyohlar oqimi 2022 yilga nisbatan sezilarli darajada ortdi. Jumladan, Britaniyadan kelgan turistlar soni 2,6 baravar, Qatardan 6,2 baravar, AQSHdan 3 baravar, Fransiyadan 2,9 baravar, Rossiyadan 2,1 baravar, Vengriyadan 3,3 baravar, Germaniyadan 2,5 baravar, Polshadan 6,2 baravarga oshdi.
Shuningdek, 2025 yilda turistik xizmatlar eksporti hajmi 3,6 milliard AQSH dollaridan oshib, tarixiy rekordni yangiladi.
Mahalliy turizm sohasidagi bu yutuqlar mamlakat rahbariyati tomonidan so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning amaliy natijasidir. Prezidentimiz rahbarligida turizmni iqtisodiyotning muhim tarmog‘i sifatida rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli choralar amalga oshirilmoqda.
Yetakchi jahon media platformalari bilan hamkorlikni kengaytirish, xalqaro ko‘rgazmalarda faol ishtirok etish hamda chet el ommaviy axborot vositalarida chop etilgan maqolalar “Visit Uzbekistan” brendi nufuzini global miqyosda mustahkamladi.
Mutaxassislarning fikricha, turizm sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi drayverlaridan biriga aylanmoqda. Sayyohlar oqimining ortishi ichki infratuzilma rivojiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati oshishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatda xalqaro talabga javob beradigan mehmonxona tarmoqlari kengaymoqda, yangi sayyohlik yo‘nalishlari ochilmoqda, mahalliy mahsulot va xizmatlar eksporti ham ko‘paymoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA