2021 yilda O‘zbekistonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 8,1 milliard dollarni yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga ortiqni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatgich ichki valyuta bozorida taklif hajmining barqaror bo‘lishi va milliy valyuta kursi shakllanishida muhim rol o‘ynadi.
Markaziy Bank Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2021 yil davomida so‘m almashuv kursi 1 AQSH dollari 10 449 –10 849 so‘m oralig‘ida tebranib turdi (yillik qadrsizlanish 3,4 foiz).
2021 yilda mamlakatga eksportdan tushumlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalarining mos ravishda 34 foizdan oshishi, ichki valyuta bozorida valyuta taklifini qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib, bozordagi umumiy taklif hajmini 1,6 barobarga o‘sishiga xizmat qilgan.
Shuningdek, Markaziy bank operatsion mexanizmidagi o‘zgartirishlar hisobiga "Uzonia" va "Uzwia" indekslari avgust oyidan boshlab foiz koridori doirasida shakllanib kelmoqda. Bunda, "Uzonia" asosan 13 foiz atrofida, "Uzwia" esa ayrim tebranishlar bilan asosiy stavkaga yaqinroq shakllanmoqda.
O‘zA