So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligining ayrim mahsulotlari importiga talab ortib bormoqda. Makkajo‘xori – hayvonlar uchun ozuqa, oziq-ovqat sanoati va boshqa turli yo‘nalishlarda muhim mahsulot bo‘lib, mamlakat ichki bozorida barqaror talabga ega.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston 17 ta xorijiy davlatlardan jami 70,8 ming tonna makkajo‘xori import qilgan. Ushbu mahsulot importining umumiy qiymati 20,9 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 million dollarga ko‘proqdir.
O‘zbekistonga 2025 yilning 7 oyida eng ko‘p makkajo‘xori yetkazib bergan davlatlar quyidagilar: Qozog‘iston – 42,3 ming tonna, Qirg‘iz Respublikasi – 24,2 ming tonna, Turkiya – 1,9 ming tonna, Xitoy – 1,5 ming tonna va boshqa davlatlar 786,4 tonna.
Import hajmining o‘sishi ichki ishlab chiqarish yetarli emasligini yoki narx va sifat jihatdan raqobatbardoshlikda cheklovlar mavjudligini anglatishi mumkin.
Makkajo‘xori importining yil sayin oshib borayotgani O‘zbekistonning oziq-ovqat va chorvachilik sohasidagi ehtiyojlari o‘sib borayotganini, lekin ichki ishlab chiqarish salohiyati bu ehtiyojlarni to‘liq qoplay olmayotganini ko‘rsatadi. Bu esa, kelgusida agrar siyosatda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, dehqonchilik texnologiyalarini joriy etish va mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha keng qamrovli choralarni ko‘rishni talab qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA