Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonga 411 ta fitosanitar xavfi yuqori bo‘lgan ko‘chatlarning olib kirilishi oldi olindi
16:23 / 2025-10-31

Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasiga qarashli chegara maskanlarida mamlakatimizga xorijdan kirib kelayotgan va chet davlatlarga chiqib ketayotgan karantin ostidagi yuklar ustidan nazorat ishlari kuchaytirildi.

Bu jarayonda zararli organizmlarni aniqlashda kinologlar va ularga biriktirilgan maxsus detektor itlar faoliyat yuritmoqda. Ular yordamida karantindagi mahsulotlar orasida xavfli ko‘chatlar va zararkunandalarning kirib kelishi oldi olinmoqda. Kinologlar malakasini oshirish uchun maxsus sinov mashqlari tashkil etildi. Toshkent shahar boshqarmasi mutaxassislari ushbu mashqlar orqali xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini amalda mustahkamlamoqda.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, bugungi kunda boshqarma tarkibida 6 nafar kinolog o‘zlarining maxsus tayyorlangan itlari bilan xizmat qilmoqda. Joriy yilning 9 oyi davomida ular tomonidan asosan Yevropa mamlakatlaridan kirib kelayotgan 411 ta fitosanitar xavfi yuqori bo‘lgan ko‘chatlarning olib kirilishi to‘xtatib qolingan.  

Dunyo bo‘yicha 305 mingdan ortiq zararli organizmlar mavjudligi inobatga olinganda, bu yo‘nalishdagi nazorat ishlari mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi xavfsizligi uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Mutasaddilar ta’kidlashicha, bu kabi amaliy mashg‘ulotlarning muntazam o‘tkazilishi kinologlar faoliyati samaradorligini oshirib, o‘simliklar karantini tizimini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.  

Sh.Mamaturopova, O‘zA