Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonga 1 milliondan ziyod qalbaki aksiz markani olib kirishga uringan transchegaraviy jinoiy guruh fosh etildi
20:32 / 2022-11-14

Ma’lumki, amaldagi tartiblarga ko‘ra, respublikamizga chetdan olib kiriladigan va o‘zimizda ishlab chiqariladigan alkogolli ichimliklar O‘zbekiston Respublikasining aksiz markalari bilan qadoqlanishi shart.

3-6 noyabr kunlari Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tomonidan Andijon viloyatida Davlat xavfsizligi xizmati va viloyat bojxonachilari bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston bojxona xizmatlari hamkorligidagi tezkor tadbirda qalbaki aksiz markalarni tayyorlab, uni o‘tkazishga uringan transchegaraviy jinoiy guruh fosh qilindi.

Qirg‘iziston Respublikasi bojxona xizmatidan olingan ma’lumotga asosan «Xitoy-Turkiya-Qirg‘iziston» yo‘nalishida havo yo‘llari orqali Bishkek shahriga olib kelingan xalqaro kurerlik jo‘natmasida O‘zbekiston Respublikasiga yuborilgan 1 mln. 8 ming dona qalbaki aksiz markasi borligi aniqlanadi.

Dastlab Bishkek shahrida aksiz markalarni O‘zbekistonga olib ketish maqsadida qabul qilib olgan qo‘shni davlat fuqarosi bojxona xizmati tezkor xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Uning ko‘rsatmasiga binoan qalbaki aksiz markalarni Andijon shahrida istiqomat qiluvchi shaxsga yetkazishi lozim edi.

Shundan so‘ng tezkor tadbir mamlakatimiz hududida – Andijon shahri Bog‘ishamol dahasida davom ettirilib, qalbaki aksiz markalarni qabul qilib olayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ham qo‘lga olindi.

Surishtiruvlar davomida ma’lum bo‘lishicha, qalbaki aksiz markalari Namangan shahrida yashovchi O‘zbekiston fuqarosi buyurtmasi bo‘yicha tayyorlangan va Qirg‘izistonga keltirilgan. Buning uchun ushbu shaxs tomonidan aksiz markasi namunasini qalbakilashtirish bo‘yicha Andijonda istiqomat qilayotgan xorijiy shaxs orqali muqaddam Xitoyga buyurtma bergan.

Xitoyda tayyorlangan soxta markalar Turkiya orqali dastlab Qirg‘izistonga, so‘ngra O‘zbekistonga olib kirilishi ko‘zlangan edi.

Bu orqali yurtdoshlarimiz salomatligi uchun tug‘iladigan jiddiy xavfdan tashqari, davlat byudjetiga 9 mlrd. 801 mln. so‘mdan ziyod zarar yetkazilar edi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Sh. Mamaturopova, O‘zA