Vatanimiz tarixidagi 12 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1909 yil (bundan 111 yil oldin) – shoir, publitsist, adabiyotshunos va jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi Hamid Olimjon tavallud topdi (vafoti 1944 yil). U 1939–1944 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildi. Uning asarlarida Vatan tuyg‘usi do‘stlik va insoniylik fazilatlari bilan uyg‘unlashib ketgan. Toshkent metropoliteni bekatlaridan biri, Samarqanddagi viloyat teatriga Hamid Olimjon nomi berilgan. Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida unga haykal o‘rnatilgan. U 2004 yilda, vafotidan so‘ng, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
1928 yil (bundan 92 yil oldin) – biokimyogar-genetik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Ahmad Ibrohimov dunyoga keldi.
1944 yil (bundan 76 yil oldin) – kimyogar olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Shavkat Solihov dunyoga keldi.
1990 yil (bundan 30 yil oldin) – Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha ish olib boradigan maxsus tashkilot – YUNESKO tomonidan Xiva shahridagi Ichan qal’a Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, hozirgi kunga qadar YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga O‘zbekistondan beshta meros ob’ekti: 1990 yilda – Ichanqal’a, 1993 yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi, 2000 yilda – Shahrisabz shahrining tarixiy markazi, 2001 yilda – “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” ob’ekti, 2016 yilda – G‘arbiy Tyanshan (Chatqol biosfera qo‘riqxonasi) kiritilgan.
1992 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrini O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, xo‘jalik va madaniy qurilish sohasida erishgan muvaffaqiyatlari, namunali obodonchilik ishlari hamda tashkil etilganiga 60 yil to‘lishi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlandi.
2002 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida” Konstitutsiyaviy Qonunlari, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”, “Davlat statistikasi to‘g‘risida”, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida” Qonunlari qabul qilindi.
2017 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2018 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi
O‘zA