French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistondan Pokistonga olma, anjir, limon va achchiq qalampir eksporti yo‘lga qo‘yiladi
20:06 / 2026-02-19

O‘zbekistonning xalqaro hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalari kengayib, ko‘plab sohalar qatori qishloq xo‘jaligi va fitosanitariya yo‘nalishida samarali kelishuvlarga erishilmoqda. Pokistonning Islomobod shahrida Pokiston–O‘zbekiston Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida savdo-iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi va fitosanitariya sohalaridagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Yig‘ilishda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori o‘rinbosari Ulug‘bek Yunusov ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida tomonlar 2025-yil 18-dekabr kuni ikki davlat Karantin xizmatlari o‘rtasida imzolangan muhim hujjatni alohida qayd etdi. Mazkur Bayonnoma O‘zbekistondan Pokistonga anor, uzum va olxo‘ri eksporti uchun mo‘ljallangan fitosanitariya talablarini belgilab beradi. Ushbu kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi o‘zari savdoni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi, deyiladi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lumotida.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekistondan Pokistonga olma, anjir, limon hamda achchiq qalampir eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fitosanitariya talablari to‘g‘risidagi navbatdagi Bayonnomani imzolashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Muhokamalar yakunida fitosanitariya sohasidagi hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida Qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. Ushbu guruh meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha bozor talablarini o‘rganish, axborot almashinuvini kuchaytirish hamda texnik masalalarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

A.RUSTAMOV, O‘zA