Toshkentda Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiy islohotlar va kommunikatsiyalar tahlili markazi (CAERC) tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati bilan hamkorlikda tayyorlangan “Turkiy davlatlar iqtisodiyoti” kitobi muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Keng qamrovli tadqiqot shaklidagi mazkur asarda yetti turkiy davlatning 35 dan ziyod yetakchi olimlari mintaqadagi iqtisodiy vaziyatni, iqtisodiy tendensiyaning umumiy ko‘rinishi va har bir mamlakat uchun so‘nggi o‘n yillikdagi aniq ko‘rsatkichlarni batafsil tahlil etgan.
Davra suhbatini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – mavjud hamkorlikning muhim jihatlarini muhokama qilish, mintaqadagi iqtisodiy vaziyatga baho berish, ekspertlar va tahlil markazlari uchun fikr almashish maydonini yaratish, “Turkiy dunyo. 2040 yilga nigoh” tashabbusi nuqtai nazaridan iqtisodiy hamkorlikning institutsional asoslarini shakllantirishdan iborat.
Iqtisoiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov ilmiy jamoatchilikka taqdim etilgan ushbu kitob tadqiqotchi, siyosatchi va tadbirkorlar uchun turkiy makondagi iqtisodiy jarayon sur’atini tasavvur qilishga yordam beradigan tahlillar taqdim etilgani bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
[gallery-19482]
– Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tashabbuslarini hayotga joriy qilish doirasida shu oy mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo miqdorini 1 milliard dollarga yetkazish yo‘lidagi salohiyatni o‘rganish maqsadida amaliy tashrif bilan Ozarbayjonda bo‘lib, tegishli vazirlik, idoralar faoliyatini o‘rgandik, – dedi Obid Hakimov.
CAERC ijrochi direktori, professor doktor Vusal Gasimli “Turkiy davlatlar iqtisodiyoti” kitobini TDTga a’zo mamlakatlarni iqtisodiy rivojlantirish uchun “Yo‘l xaritasi” sifatida baholab, ushbu nashr mintaqamiz va dunyo kelajagini shakllantirish uchun muhim manbaligini qayd etdi.
– Tez o‘zgaruvchan iqtisodiy muhitda integratsiya va barqaror o‘sishni ta’minlay oladigan yo‘lni belgilash mas’uliyatli vazifa, – dedi u. – Shu ma’noda mualliflar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va savdo oqimi mexanikasi, TDT mintaqasidagi yirik iqtisodiy yo‘laklarning jarayonga ehtimoliy ta’siri ochib bergani ahamiyatli.
CAERC huzuridagi Turkiy dunyoni tahlil qilish markazi direktori Vusala Jafarova “Gravitatsiya modeli” va “Grafik nazariyasi” kabi asosiy metodologiya, shuningdek Zangezur yo‘lagining ko‘p tomonlama savdoga ta’siri xususida so‘z yuritdi. Tadqiqot natijasi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalasiga strategik yondashuvni shakllantirishi e’tirof etildi.
Markaz hisobotiga ko‘ra, TDT mamlakatlarining iqtisodiy salohiyati juda yuqori. 2023 yil dunyo miqyosiga nisbatan a’zo davlatlar va kuzatuvchi mamlakatlar jami yalpi ichki mahsuloti 1,7 foiz – 1,79 trillion, xarid qobiliyati pariteti (PPP) esa 3,1 foiz – 5,7 trillion dollarni tashkil etdi. Umumiy tashqi savdo aylanma 1,2 trillion dollardan oshdi.
Tabiiyki, yuqorida keltirilgan raqamlarda O‘zbekistonning munosib hissasi bor. O‘tgan yil yakunida respublikamizning TDT mamlakatlari bilan savdo ayirboshlash ko‘rsatkichi 10 milliardga yetdi: eksport – 3,6, import – 6,4 milliard dollar, o‘sish 4,6 foiz. Mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasining 16 foizi ushbu mintaqa davlatlariga to‘g‘ri kelgan. Boshqacha aytganda turkiy davlatlar iqtisodiyoti ko‘p jihatdan bir-birini to‘ldirmoqda, tovar-xom ashyo birjasi va sanoat kooperatsiyasi kengayishi iqtisodiyotlarimiz jadal o‘sishiga hissa qo‘shmoqda.
Tadbir ishtirokchilari jipslashgan, o‘zaro manfaatli iqtisodiy makon yaratish uchun mavjud imkoniyatdan yanada faol foydalanish zarurligini bir ovozdan ma’qullashdi.
Mazkur davra suhbati kitobda keltirilgan g‘oyalar haqida samarali fikr almashish, yetakchi mutaxassislar, tahlil markazlari vakillari o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun qulay maydon vazifasini o‘tadi.
Saidmurod Rahimov,
Muhammad Amin (surat),
O‘zA muxbirlari