English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistondagi umumiy tovar aylanmasi 2 570,6 trillion so‘mni tashkil etdi
15:29 / 2026-01-29

So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni raqamlashtirish jarayonlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlik sub’ektlari va davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarni shaffoflashtirish, hisob-kitoblarni avtomatlashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishda elektron hujjat aylanishi tizimi (EHF) muhim o‘rin tutmoqda.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, elektron hujjat aylanish tizimi operatorlari orqali rasmiylashtirilgan elektron hisob-fakturalar bo‘yicha mamlakatdagi umumiy tovar aylanmasi 2 570,6 trln. so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich EHF tizimi iqtisodiy munosabatlarni qamrab olish ko‘lami yil sayin kengayayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Elektron hisob-faktura bu tovar (ish, xizmat)lar realizatsiyasi bo‘yicha ma’lumotlarni elektron shaklda rasmiylashtirish imkonini beruvchi hujjat bo‘lib, u soliq hisobini yuritish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va nazorat qilishda asosiy instrument hisoblanadi.

Elektron hisob-faktura tizimining joriy etilishi, qog‘oz hujjat aylanmasini qisqartirish, inson omili ta’sirini kamaytirish, soliq hisobotlarining aniqligi va tezkorligini oshirish, biznes uchun ma’muriy yuklamani yengillashtirish imkonini berdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, EHF nafaqat soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirdi, balki iqtisodiyotda raqamli intizomni shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.

2025 yilda EHF orqali amalga oshirilgan tovar aylanmasi hududlar kesimida tahlil qilinganda, iqtisodiy faollik asosan yirik sanoat va biznes markazlarida jamlangani kuzatildi.

Tovar aylanmasi bo‘yicha yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi hissasi 1 320,8 trln. so‘m, Toshkent shahri 535,2 trln. so‘m, Toshkent viloyati  142,5 trln. so‘mni tashkil etgan. Mazkur raqamlar yirik soliq to‘lovchilar, ishlab chiqarish korxonalari va savdo sub’ektlarining asosiy qismi ushbu hududlarda joylashganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi hissasi umumiy tovar aylanmasining yarmidan ortiq qismini tashkil etgani diqqatga sazovor.

Elektron hujjat aylanishi tizimi orqali tovar aylanmasining katta hajmda rasmiylashtirilishi soliq tushumlarining barqaror o‘sishiga xizmat qilmoqda. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, elektron hisob-fakturalar, QQSni asossiz qaytarib olish holatlarini kamaytirish, kontrafakt va “qog‘ozdagi aylanma”larni aniqlash, soliq risklarini avtomatik tahlil qilish imkonini bermoqda. Bu esa davlat byudjeti daromadlarini oshirish bilan birga, halol tadbirkorlik muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda elektron hujjat aylanishi tadbirkorlar uchun qator qulayliklarni yaratgan. Hisob-fakturalarni tez va masofadan turib rasmiylashtirish, buxgalteriya hisobini avtomatlashtirish, soliq hisobotlari bilan integratsiya, tekshiruvlar sonining kamayishiga erishildi. Shu bilan birga, elektron hujjat aylanish operatorlari o‘rtasidagi raqobat xizmatlar sifatining oshishiga va yangi raqamli yechimlar joriy etilishiga turtki bo‘lmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, 2025 yilda elektron hujjat aylanishi orqali 2 570,6 trln. so‘mlik tovar aylanmasining rasmiylashtirilgani O‘zbekiston iqtisodiyotida raqamlashtirish jarayonlari rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Elektron hisob-fakturalar tizimi bugun nafaqat soliq ma’muriyatchiligining, balki butun iqtisodiy munosabatlar tizimining ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA