Intilishi kuchli insonning maqsadlariga erishishi oson. O‘zbekistonda poyezd mashinisti va yordamchilari asosan erkak kishilardan iborat. Ayol mashinistlar soni atigi 4 nafarni tashkil etadi. Shulardan biri maqsadi sari olg‘a boradigan, intilishi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi kuchli Dinara G‘ofurovadir.
“Afrosiyob” elektropoyezdi mashinist yordamchisi Dinara G‘ofurova Toshkent viloyatining Chinoz tumanida tavallud topgan. Endigina 26 yoshli qarshilagan Dinara bugun sohada ancha yutuqlarga erishishga muvaffaq bo‘ldi.
– Bolalikda uyimiz temir yo‘l bekatiga juda yaqin joylashgan edi, – deydi Dinara. – Har kuni ertalab va kechqurun temir yo‘l xodimlarining ishga kelish va ketish jarayonini o‘zgacha qiziqish bilan tomosha qilar edim. 2016 yil vagon kuzatuvchisi lavozimi uchun tanlov ketayotganini eshitdim. Opamning maslahati bilan men shu yo‘nalishga hujjat topshirdim. Ingliz, turk va rus tillarida erkin gaplasha olganim uchun sohaga ishga qabul qilinishim qiyin bo‘lmadi. Shunday qilib, 2016 yildan beri o‘zim sevgan kasb egasiman.
Taqdir taqozosi bilan temiryo‘lchilar oilasiga kelin bo‘lib tushganman. O‘z kasbimni sidqidildan bajarishda oila a’zolarimning, xususan, otam va turmush o‘rtog‘imning hissasi katta.
Mamlakatimizda ishbilarmon, tashabbuskor ayollarning g‘oya va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga, ayniqsa xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘lami katta. Sohadagi sanoqli ayol mashinistlar orasida borligim juda quvontiradi. O‘z kasbimdan faxrlanaman.
Kun tartibimiz vaqtli boshlanadi. Tonggi soat 3 yarimda ish boshlanadi. Menimcha mashinistlar uchun qiyin bo‘lgan holatlardan biri shu. Ya’ni, tong qorong‘usida ish boshlanadi. Chunki ishga kelish uchun kamida ikki yarimda uyqudan uyg‘onish lozim. Ish vaqti boshlangunga qadar tetik va sergak holatda turishimiz kerak. Eng avvalo depo nazoratidan keyin tibbiy ko‘rikdan o‘tamiz va o‘zimizga tegishli ish joylariga borib, poyezdlarning texnik holatini, kuzov, mashina bo‘limi, barcha tutash qismlar va elektron tizimlarni ko‘zdan kechiramiz hamda poyezdlarni harakatga tayyorlaymiz. Reys davomidagi har bir kamchilik nazoratimizda bo‘ladi. Qachonki barchasi joyida ekaniga ishonch hosil qilinganidan so‘ng yo‘lga chiqamiz. Bizning jamoa “Samarqand- Qarshi-Buxoro” yo‘nalishiga xizmat ko‘rsatadi.
Men shu yili Yoshlar kuni munosabati bilan “Kelajak bunyodkori” medali sohibi bo‘ldim. Eng quvonchlisi esa mukofotni Prezidentimizning shaxsan o‘zlari menga topshirdi. Bu mukofot men uchun juda katta rag‘bat bo‘ldi.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/_gKW6ZkJbQg" title="Oʻzbekistondagi toʻrt nafar ayol mashinistning biri – Dinara" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Bugunga qadar faoliyatim davomida 300 mingdan ziyod yo‘nalishlarda harakatlandim. 200 ming nafardan ortiq yo‘lovchilarni o‘z manziliga tez, sifatli va xavfsiz yetkazib borishga o‘z hissamni qo‘shdim. O‘z ishimdan doim zavqlanganman.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA