English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistondagi tarixiy yodgorliklarning qiyofasi 3D formatda gavdalantiriladi
18:52 / 2021-06-11

"Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh" dasturi doirasida mamlakatning tarixiy obidalari, yodgorliklari va me’moriy inshootlarni 3D formatda raqamlashtirish bo‘yicha loyiha o‘z faoliyatini boshlamoqda.

Loyiha O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalarining milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston kinematografiya agentligi va Amerikaning Global Digital Heritage kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Noyob texnologiya tarixiy obidalarning raqamli rekonstruksiyasini amalga oshirish va VR formatida namoyish etish imkoniyatini beradi.

Shu bilan birga, loyiha ta’lim sohasiga ham yo‘naltirilgan - barcha xohlovchilar maxsus manba orqali O‘zbekiston yodgorliklari bilan onlayn shaklda tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Shuningdek, Global Digital Heritage vakillari o‘zbekistonlik mutaxassislarni zamonaviy texnologiyalar, dronlar va kameralar bilan ishlash va ob’ektlarni videotasvirga olish bo‘yicha bilimlar bilan bo‘lishishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Bugun Kinematografiya agentligi binosida Global Digital Heritage (AQSH) va O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi vakillari ishtirokida loyihaning boshlanishiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Pilot loyiha Samarqandda amalga oshiriladi, raqamlashtirish uchun dastlabki ob’ektlar sifatida Go‘ri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi, qadimiy Afrosiyob manzilgohi, Ulug‘bek rasadxonasi, Registon maydoni va Juma maqbarasi tanlandi.

–Tarixiy yodgorliklarning 3D formatidagi nusxalarini yaratish tendensiyasi allaqachon butun dunyo bo‘ylab tarqalgan, endilikda ushbu loyiha O‘zbekistonda ham amalga oshirilmoqda. Amalga oshirilayotgan loyiha hamma uchun, ayniqsa, o‘z hayotini yangi texnologiyalar, gadjetlar va VR texnologiyalarsiz tasavvur eta olmaydigan yoshlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Loyiha qo‘shimcha bilim olish imkoniyatidan tashqari, o‘quv funksiyasini ham o‘z ichiga oladi - yoshlar uchun raqamli vizualizatsiya, 3D virtualizatsiya, geofazoviy informatika sohalari bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi, – deb ta’kidladi O‘zEOAVMA rahbari Firdavs Abduxoliqov.

–Har bir mamlakatning, shu jumladan O‘zbekistonning madaniy merosi – bu xalqning mulkidir. Madaniy meros nafaqat universitetdagi bir necha kishiga yoki tashkilotdagi tadqiqotchilarga, balki hammaga tegishli. Bizning vazifamiz madaniy merosni odamlarga qaytarishdan iborat. Bizning qilgan ishlarimiz ushbu merosni asrab-avaylash va o‘tmishimiz qanday bo‘lganligini avlodlarimizga ko‘rsatishda yordam beradi. Biz ko‘plab manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalangan holda ob’ektning dastlabki ko‘rinishini tiklaymiz, - deb ma’lumot berdi “Global Digital Heritage” kompaniyasining vakili Gerbert Mashner.

O‘zA