Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistondagi shiddatli o‘zgarishlar e’tirof etildi
13:43 / 2025-09-18

O‘zbekistondagi shiddatli o‘zgarishlar e’tirofi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida xorijlik olimlar ishtirokida o‘tkazilgan binar darslari davomida yana ta’kidlandi.

Binar darslar – qo‘shma darslarning ahamiyatli tomoni shundaki, unda bir necha o‘qituvchi va olimlar muayyan mavzuni keng, tahliliy asosda talabalarga tushuntiradi. Kuni kecha O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzusida VI xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tgandi. Unda qatnashish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijlik olimlar ishtirokida Akademiya doktorantlari, magistr va talabalar ishtirokida binar darslari ham tashkil etildi.

Xorijlik olimlar tomonidan Akademiya talabalariga “Tadqiqotlarni olib borishni samarali tashkillashtirishda ilmiy markazlar bilan hamkorlikning o‘rni”, “Markaziy Osiyo madaniyatining jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi”, “Abu Rayhon Beruniyning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi”, “Qadimgi Misr tarixi” hamda “Manbashunoslik va tarixshunoslikka oid ma’lumotlarini aniqlash va ular ustida tadqiqot olib borish usullari haqida” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘tildi.

– Ikki yil avval yurtingizda qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniyga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiyaga qatnashish uchun kelgandim, – deydi Misr Arab Respublikasi Qohira universiteti Sharq tillari kafedrasi professori Jalol Said Hafnaviy. – Dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, olim-u fuzalolar yetishib chiqqan bu zaminga yana bir bor tashrif buyurganimdan, anjumanda ishtirok etayotganimdan juda mamnunman. Ilmiy ishimning mavzusi ham Hindistonda boburiylar tomonidan ilm-ma’rifat, madaniyat, ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan islohotlar haqida bo‘lgan. Bu bo‘yicha tadqiqot olib borib bildimki, boburiylarning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi beqiyos. “Boburnoma”ni arab tiliga tarjima qilganimdan g‘ururlanaman.

 Qohira universiteti Sharq tillari kafedrasiga esa birinchilardan bo‘lib o‘zbek tili mutaxassisligini olib kirganimizdan juda faxrlanaman. Hozirda Misr va O‘zbekiston Prezidentlarining, umuman mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona va ijobiy aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Zero, bu o‘lka mutafakkirlari tarixan Misr bilan har jabhada do‘stlik, ilm-ma’rifat ulashishda peshqadam bo‘lgan. Birgina Ahmad Farg‘oniy Nil daryosidagi suv sathini o‘lchaydigan Miqyosi Nil inshootini qurishda boshchilik qilgan. Ushbu inshoot o‘sha davr uchun juda katta ilmiy yangilikka aylanib, ming yillar davomida xalqimiz uchun xizmat qilib keldi. Qohirada Ahmad Farg‘oniyga atab qurilgan haykal va bog‘ ham mavjud. Bu ham xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro mushtaraklik, ehtiromning yana bir amaliy ko‘rinishidir.

Binar darslari davomida Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, mintaqa allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Markaziy Osiyo mintaqasida azaldan yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik, savdo iqtisodiy va ilmiy-madaniy aloqalar rivojlangan, – deydi Saudiya Arabistoni Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi raisi, doktor Majid Abdulaziz Turkiy. – Umuman olganda, Markaziy Osiyo mintaqasi Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan muhim madaniyat o‘chog‘i sifatida xalqlar taraqqiyotida katta o‘rin tutgan. Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan allomalar hadis, ilohiyot, geografiya, matematika, tibbiyot, umuman, barcha sohalarda islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan. Ularning hayot yo‘llari va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, tadqiq etish bugungi kunda dolzarb mavzuga aylangan.

Seminar darslar davomida bundan uch ming yil muqaddam mintaqada ilk shaharlar va davlatchilikning vujudga kelishi bu hududda yangi hayotiy tushunchalar va falsafiy qarashlarning, ilm-fan, xususan, tibbiyot va astronomiya, jo‘g‘rofiya va matematika, geodeziya, me’morchilik sohalarining, madaniy-ma’rifiy va diniy qadriyatlarning jadal taraqqiy etishiga asos yaratgani e’tirof etildi.

Shuningdek, ilm olish va uning fazilatlari, ayollarning ilm olishida ahamiyat beriladigan jihatlari haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, doktorantlar o‘zlari tadqiq etayotgan dissertatsiya mavzulari yuzasidan ham ma’lumot berdi. 

N.Usmonova, O‘zA