2022 yilning 11-15 avgust kunlari O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamkorligida Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining «Yangi O‘zbekistondagi samarador islohotlar – taraqqiyot sari dadil qadamlar» nomli loyihasi doirasida 2017-2021 yillarda Harakatlar strategiyasi yo‘nalishlarida amalga oshirilgan islohotlar natijasi bo‘yicha keng jamoatchilik fikrini o‘rganishga qaratilgan so‘rovnoma o‘tkazildi.
Ushbu so‘rovnoma doirasida Harakatlar strategiyasining beshta yo‘nalishining har biri bo‘yicha 2 tadan jami 10 ta savollar shakllantirilib, ijtimoiy tarmoqlar hamda hamkor blogerlarning telegram kanallari orqali tarqatildi.
Xususan, besh kunlik so‘rovnoma respublikamizning turli hududlaridan mingga yaqin turli yosh kategoriyalariga kiruvchi fuqarolarning fikrlari o‘rganildi. Yakuniga ko‘ra, ishtirokchilar 76 foizi Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlarni ijobiy o‘zgarish sifatida, 26 foizi esa salbiy holat sifatida baholagan.
Jumladan, «Davlat tashkilotlari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni qanday baholaysiz?», degan savolga respondentlarning 64 % davlat tashkilotlari va fuqarolar o‘rtasida ko‘prik o‘rnatilgani, lekin yana qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligini aytgan bo‘lsa, 17,1 foiz javoblarda davlat idoralarining shaffofligi va xalqqa yaqinlashgani e’tirof etilgan. Javob berganlarning 19, 7 foizi «Bu yo‘nalishda o‘zgarishlar sezilmadi» deb javob berdi.
So‘nggi 5 yil ichidagi eng ijobiy o‘zgarish sizningcha qaysi? Degan savolga eng ko‘p o‘zgarish sifatida «Ommaviy axborot vositalarining erkinlashuvi ko‘rsatilgan». Bu yo‘nalishda o‘zgarishlar sezilmadi deb javob berganlar 5 % ni tashkil etgan bo‘lsa, turli sohalardagi o‘zgarishlarni e’tirof etganlar ko‘rsatkichi 95%ni tashkil etdi.
Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish bo‘yicha qilingan ishlardan qaysilari samaraliroq bo‘ldi?
Bu savolga ishtirokchilar tomonidan turicha javoblar berilgan. Jumladan, Davlat idoralari rahbarlarining fuqarolar va jamiyat oldida hisobdorligi tizimining yo‘lga qo‘yilayotganligi, «Obod mahalla» dasturi, so‘z erkinligi berilishi, jamiyatdagi muammolarga mutasaddi davlat tashkilotlari tomonidan zudlik bilan munosabat bildirishi va muammoga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga chora ko‘rayotganligi., Prezident Xalq va Virtual qabulxonalari ochilishi va samarali faoliyat ko‘rsata boshlashi, naqd pul olish osonlashgani, valyutaning erkin konvertatsiya qilinishi, DXMlarning tashkil etilishi, xalq uchun ovoragarchiliklarning kamaygani, oliy ta’lim olish imkoni oshgani kabi javoblarni ko‘rish mumkin.
Shuningdek, javoblar orasida ayrim takliflarni ham ko‘rish mumkin. Jumladan ishtirokchilardan biri, Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilishini ijobiy baholagan holda, shunday fikrlar bildirgan: «Ma’lumot olish yoki xizmat ko‘rsatish uchun to‘lanadigan mablag‘ juda yuqori, aksariyat aholi ko‘p xollarda bu pulni to‘lay olmayapti. Argos tizimining tashkil etilishi juda yaxshi. Lekin hokimliklar, tashkilot va vazirliklarda lavozimga tayinlov hamon inson omili asosida amalga oshirilyapti. Asosan «o‘z odamini» Argos orqali, suhbat orqali lavozimga tayinlash ko‘p uchraydi. «Milliy kadrlar» zaxirasini har bir sohada, har bir tashkilot, vazirlik, idora, hokimlikda yaratish zarur».
So‘rovnomadan shu narsa ko‘rinadiki, hali sud-huquq tizimida joriy etilishi lozim bo‘lgan loyihalarni ko‘paytirish lozim. Bu yo‘nalishda javob berganlarning 35%i tizimga nisbatan ijobiy fikrda emas. Asosan, qonunchilik o‘zgargani e’tirof etilib, ijroda kamchiliklar borligi aytib o‘tilgan.
Ijtimoiy sohada muhim bo‘lgan islohot qaysi bo‘ldi?
Javoblar tahlili ko‘rsatishicha:
- Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichining oshganligi;
- Inson qadrini yuksaltirish;
- «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Mehr daftar»larini joriy etilishi. Kambag‘allikka qarshi kurashishda davlat siyosati darajasiga olib chiqilishi;
- Ta’lim sohasida islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelishi;
- Tibbiy Sug‘urta
- Open byudjet orqali muammolarni hal etish imkoniyati
- Ijtimoiy sohada eng kam oylikning ikkita miqdorga ajratilgani va pensiyalar miqdorining hamda olish mumkin bo‘lgan eng yuqori darajasining oshirilgani
- Xususiy ta’limga ruxsat berilishi
- Aholining kam ta’minlangan qatlami alohida himoyaga olinganligi, xotin-qizlarning qo‘llab-quvvatlanayotganligi, uy-joy bilan ta’minlashda tartiblarning soddalashtirilgani kabilar e’tirof etildi.
- Shuningdek, ijtimoiy sohaning ayrim muammolari haqida ham fikrlar bildirilgan, jumladan shunday taklif va mulohazalarni ko‘rish mumkin;
- «Ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalaridagi islohotlarda monitoring faoliyati yo‘lga qo‘yilib, tizimda kamchiliklarni oshkora e’lon qilinsa yaxshi bo‘lardi»
- «Ta’limda o‘zgarishlar juda kam, muammolar ko‘p»;
-- «Aholi bandligi uchun yangi kasblar yaratilmayapti»;
- «Sog‘liq saqlash tizimida o‘zgarish nisbatan kam sezildi»;
- «uy joylar ham qimmat, oddiy aholi uy olishi uchun ko‘p yil davomida ishlashi zarur. Bank kreditlarining foizlari esa yuqori. Uy joy uchun kam foizli kreditlarni isloh qilish lozim»;
- «Homilador ayollar masalasida, pensiya tayinlash masalasida islohotlar yaxshi bo‘ldi. Biroq tibbiyotni isloh qilishda bilib-bilmay qilinayotgan yangiliklar, xalq ta’limi sohasidagi yangiliklar, darsliklarni yaratish, maktablar uchun umummilliy dasturlarni o‘zgartirib tashlashlar sinov deb qabul qilinganida ham noto‘g‘ri ish, sababi yillar davomida sinov o‘tkazib, keyin o‘xshamagan ishni tugatib, yana yangi sinov ishlarini olib borish, ta’limni «o‘ldiradi», qabilidagi javoblarni ko‘rish mumkin.
Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish bo‘yicha qilingan qaysi islohotga ijobiy baho berilmoqda?
Javoblar tahlil qilinganda, aholi eng yaxshi iqtisodiy islohot sifatida valyutani erkin konvertatsiyasi yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etmoqda. Quyidagi infografikada ko‘rish mumkinki, aholi fikriga ko‘ra iqtisodiy o‘zgarishlarni ham jadallashtirilishi zarur:
Majburiy mehnat holatlari (paxtaga borish, ko‘cha kuyni majburan tozalash) yo‘q qilish bo‘yicha olib borilgan islohotlarni qanday baholaysiz?
Ushbu savolga javob bergan respondentlarning asosiy qismi majburiy mehnatga chek qo‘yilganini va ular bu muammoga duch kelishmayotganini e’tirof etishgan.
Shuningdek, so‘rovnoma ishtirokchilari:
- Yoshlar siyosati bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar
— barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va farmoyishlari “E-qaror” elektron tizimi orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilishi;
— amalga oshirilgan davlat xaridlari, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari davlat organlari va tashkilotlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi Ochiq ma’lumotlar portaliga va ularning veb-saytlariga joylashtirib, har chorakda yangilab borish yo‘lga qo‘yilishi;
— oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura imtihonlari, o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq imtihonlar, nostrifikatsiya test sinovlarini o‘tkazish jarayonini Internetda jonli efirga uzatish tartibi joriy etilishi;
— «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi;
- Tashqi siyosat borasidagi islohotlarni;
- Xorijga chiqish uchun OVIRning bekor qilinishini;
- mamlakatimizda xotin-qizlarning ta’lim olishiga e’tibor kuchaytirilganligi, ularning ta’lim olishi uchun kvotalar oshirilgani, foizsiz ta’lim kreditlari ajratilgani;
- Plastik kartalaridagi pul mablag‘larining naqdlashtirilishidagi yengilliklarni
— Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Hukumat soati»ni o‘tkazib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi va boshqa shu kabi islohotlarni alohida e’tirof etish maqsadga muvofiq deb hisoblashdi.
Qaysi tizimda muammo ko‘pligicha qolmoqda va uni yechimiga qanday takliflar bor?
Javoblarda eng ko‘p muammo bor deb qayd etilgan tizimlar ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi bo‘ldi.
Shuningdek, respondentlar fikricha, Davlat byudjetining samarali sarflanishi masalasida oqsoqlik bor. Buni bartaraf etish uchun barcha Davlat byudjeti foydalanuvchilari faoliyatini to‘laqonli shaffof holatga keltirish kerak. Fuqarolar har bir so‘m mablag‘ni qayga qanday maqsadda foydalanilyapti ko‘rib turishi kerak.
- Xalq ta’limi va Oliy ta’lim tizimida muammolar yetarlicha. Kadrlar masalasini qayta ko‘rib chiqish lozim, tajribali mutaxassislar qadrlanmagani sababli boshqa ishga o‘tib ketishlariga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
- Xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim tizimida soha xodimlarining oylik maoshini tarifikatsiya bo‘yicha aniq oshirib-belgilab qo‘yish kerak. Faqat yuqori natija, xalqaro olimpiadalardagi yutuqlar bilan ularga ustama belgilash davom etaversa, o‘qituvchilar o‘z ustida ishlamaydi, kasbiga mehr bilan yondoshmaydi, nomiga ishga borib, dars soatini "otrabotka" qilib kelaveradi. Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachilari va ularning yordamchilari maoshi ham juda kam. Eng muhimi Davlat tibbiyot muassasasi shifokorlarning maoshi ham oshirishga muhtoj. 10 yillab o‘qigan shifokorning maoshi ro‘zg‘or tebratish, farzandlarning kelajagini yaratishga sarflash tugul, kundalik xarajatlar, to‘lovlardan ortmaydi, ko‘p bolali oilalarda esa umuman yetmaydi ham.
Davlat boshqaruvi tizimidagi muammolar:
Ishtirokchilar fikricha, qabul qilinayotgan hujjatlarning mazmuni va ahamiyati mansabdor shaxslar tomonidan yetarli darajada o‘rganilmayapti, shuningdek, ushbu hujjatlarni, ayniqsa, aholi va keng jamoatchilik o‘rtasida tushuntirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar mavjud emas.
Ayrim Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyatlar, ayniqsa, tuman va shaharlar hokimlari ko‘rsatib o‘tilgan va boshqa kamchiliklarni bartaraf etishni tegishli darajada tezkor, qat’iy va samarali ta’minlamayapti.
Davlat va jamiyat boshqaruvida siyosiy partiyalarning o‘rni sezilmayapti. Jumladan, siyosiy partiyalar o‘z elektorati manfaatlaridan, siyosiy mafkurasi va pozitsiyasidan kelib chiqib, siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlariga yetarlicha ta’sir o‘tkazish hamda o‘zining vakillari orqali davlatning markaziy va mahalliy ijroiya organlari ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda o‘rni sezilmayapti. Partiyalar tomonidan mamlakat ichki va tashqi siyosatini muhokama qilish, jamiyat va davlat hayotiga taalluqli muhim masalalar yuzasidan bahs-munozaraga kirishish, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tahlil qilish deyarli kuzatilmaydi. Siyosiy partiyalar nafaqat saylovoldi kampaniyasi davrida, balki muntazam ravishda dolzarb ijtimoiy-siyosiy masalalar yuzasidan tele-debatlar, brifing va press-konferensiyalar o‘tkazib borishi zarur hisoblanadi.
Yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida jamoatchilik nazoratining samarali va ta’sirchan shakllarini, ularni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish maqsadida «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunni qayta ko‘rib chiqish zarur.
Aholini ijtimoiy himoya qilishdagi muammolar yuzasidan shunday fikrlar bildirilgan:
«Temir daftar», «Ayollar daftari»ga ro‘yxatga qo‘yish onlayn shaklda amalga oshirilmaydi. Ushbu daftarga shaxs aralashuvi (mahalla raisi, sektor rahbari va boshqa mahalla mas’ullari) orqali daftarga ro‘yxat qo‘yish bilan amalga oshiriladi. Bu esa korrupsion holatlarni keltirib chiqarmoqda.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi oilasi «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»da yoki biron bir «Daftarda» ro‘yxatda turishini onlayn bilish iloji yo‘q.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi qarori bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan qarorini hammasi ham e-qaror.gov.uz tizimi qo‘yilmaydi.
Ta’lim va tibbiyot tizimida hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar nihoyatda ko‘p, korrupsiyaviy holatlar ham bisyor
Ta’lim tizimi isloh qilinsa boshqa barcha sohalar sekin o‘zgara boshlaydi
Mahalla tuzilmasi faqat davlat pulini yuvadigan manzilga aylangan. Xotin qizlar ham..shu ikki strukturani o‘zgartirish kerak.
Shuningdek, hokimiyat, sud-huquq, prokuratura tizimida hamon muammolar mavjudligi so‘rovnomalarda qayd etilgan.