Al-Azhar majmuasi rahbari, Musulmon donishmandlari kengashi raisi, Shayx Ahmad Toyyib Qohirada xizmat safarida bo‘lib turgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Yuksak ehtirom va samimiy ruhda o‘tgan muloqotda al-Azhar majmuasi tarkibidagi tuzilmalar va Markaz o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik, o‘zaro ishonch va siyosiy iroda tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.
Aynan ikki davlat rahbarlarining yaqin munosabatlari diniy-ma’rifiy sohada, xususan, Imom Moturidiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilishda strategik hamkorlik uchun keng yo‘l ochgani e’tirof etildi.
Muloqot davomida Ahmad Toyyib hazratlarining 2020 yil Samarqand shahriga tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgani yodga olindi. Ushbu tashrif va unda bildirilgan takliflar asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani alohida qayd etildi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev e’tibori va tashabbusi bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi maqomi yanada yuksalib, Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazilgani Shayx Ahmad Toyyib tomonidan mamnuniyat bilan e’tirof qilindi.
Shuningdek, o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Shayx Ahmad Toyyib bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ikki tomonlama ma’rifiy rishtalarni yanada mustahkamlagani va hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergani ta’kidlandi.
Uchrashuvda Imom Moturidiy markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, jumladan, "Ta’vilot al-Qur’on" asari va "Kitob at-Tavhid"ning o‘zbek tilidagi nashrlari yuqori baholandi.
Muloqot yakunida al-Azhar Shayxiga Markaz kitoblari taqdim etildi.
N.Usmonova, O‘zA