“Chorvoq” suv ombori tabiiy go‘zalliklari, toza havosi va dam olish imkoniyatlari bilan mashhur hudud. U Tyan-Shan tog‘ tizmasi yetaklarida, Toshkent shahridan 60 km uzoqlikda joylashgan.
Mazkur suv ombori 1970 yillarda suv zaxirasi, irrigatsiya (suv ta’minoti), elektr energiyasi ishlab chiqarish va dam olish maqsadida tashkil etilgan. Hajmi taxminan 2 km³, uzunligi 12 kilometr hamda kengligi 8 kilometrni tashkil etadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Chorvoq” suv ombori sohilida yangi "Sea Breeze Uzbekistan" kurort majmuasi qurilishi haqidagi xabarlar tarqaldi va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Aslida katta miqyosdagi loyiha to‘g‘risidagi xabar va e’tirozlar qanchalik o‘rinli?

Ma’lumki, xalqaro aloqalar kengayib, infratuzilma rivojlangani sari mamlakatimizning turizm salohiyati ham tobora oshib bormoqda. Shunday jozibador maskanlardan biri – Bo‘stonliq tumani. “Chorvoq” suv ombori va daryolari, qorli tog‘lari, xushmanzara daraxtzorlari bois u yerda yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish mumkin.
Bunday natijalar chet ellik investorlarni o‘ziga jalb etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida qurilishi mo‘ljallangan xalqaro turizm markazi taqdimoti bilan tanishish chog‘ida ozarbayjonlik ishbilarmon Emin Agalarov bir qator yirik xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikda “Chorvoq” suv ombori bo‘yida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi barpo etish istagini bildirgan edi.
Qayd etilishicha, loyiha Chorvoqning 577 gektar yer maydonini egallashi ko‘zda tutilgan. Dastlabki bosqichda 100 gektar hudud qamrab olinadi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan 2025 yilning 8-9 iyul kunlari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Ozarbayjon Respublikasiga press-tur tashkil etildi. Press-tur davomida loyiha asoschisi Emin Agalarov ommaviy axborot vositalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Boku shahrida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida "Sea Breeze"ning muqobili bo‘lishi kutilayotgan loyiha yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyiha bo‘yicha mahalliy va xalqaro ekspertlar kengashi tuziladi, har bir muhokamali masalalarda ekspertiza o‘tkazilib, natijalari e’lon qilib boriladi. Loyihaga ko‘ra, unda dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar bo‘ladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Turli festivallar, konsertlar va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Ikki qirg‘oq o‘rtasida ko‘prik qurilib, keluvchilarga qulaylik oshiriladi. Kelajakda o‘ziga xos turizm xabiga aylanib, unda yil davomida dam olish va yashash mumkin bo‘ladi.

– Men "Sea Breeze" har qanday davlatda — Ozarbayjon, O‘zbekiston, Chernogoriya yoki Qozog‘istonda eng yaxshi ekologik loyiha bo‘lishini istayman, – deydi Emin Agalarov. – Shuni alohida ta’kidlashim lozimki, toza chiroyli dizayndagi plyajlar, bog‘lar, bulvarlar, sifatli infratuzilma va kommunikatsiyalarsiz men ko‘chmas mulkni sota olmayman. Barpo etilayotgan barcha qurilish barqaror, mintaqaga foyda keltiruvchi bo‘lishi kerak. Internet tarmoqlarida o‘zbekistonliklarning loyiha xususidagi izohlarini o‘qib boryapman. Aksariyat fikrlarga ko‘ra, Chorvoqda yangi loyihaning amalga oshirilishi suvni ifloslantiradi, hududda katta xavfni yuzaga keltiradi. Shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tmoqchiman. Bugungi kunda Chorvoq shundoq ham xavf ostida. Ayni vaqtda suv sifati yaxshilanmay, aksincha yomonlashayotganiga guvohmiz.

Ozarbayjonda "Sea Breeze"ning har bir qurilish bosqichi ekologik ekspertizadan o‘tadi. Suv va tuproq muntazam tahlil qilinadi, barcha muhandislik tizimlari nazorat ostida turadi. 2024 yilda kurort markazlashtirilgan kanalizatsiya tizimiga ulanib, faqat "Sea Breeze" emas, balki 50 km sohil hududi va uning atrofidagi tumanlarni ham qamrab oldi. Ilgari bu hududda yuzdan ortiq mahalliy tozalash inshootidan foydalanilgan. Hozirda ichimlik suvi markazlashgan manbalardan olinadi, chiqindi suvlar esa zamonaviy kollektorlar orqali yo‘naltiriladi — bu dengizni ifloslantirishning oldini olmoqda. Tizimli yondashuv va ekologik infratuzilma natijasida "Sea Breeze" plyajlari Ozarbayjon sohillaridagi eng toza plyajlardan biri sifatida tan olingan.

"Sea Breeze" loyihasining asosiy xususiyatlaridan biri — qurilish chizig‘ining qirg‘oqdan 400–500 metr uzoqlikda joylashuvi bo‘lib, bu jamoatchilik uchun keng sohil hududini saqlab qolish imkonini beradi. Ruxsat etilgan 50 metrlik minimal masofaning o‘rniga bu yerda bog‘lar, sayr yo‘laklari, restoranlar va hamma uchun erkin kirish mumkin bo‘lgan joylar yaratilgan. Aynan shu yondashuv Chorvoqda ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda. Hozirda u yerda tartibsiz qurilish, markazlashtirilgan kanalizatsiya yo‘qligi va chiqindilarni yig‘ishning tizimsizligi muammosi mavjud bo‘lib, bu suv sifati bilan bevosita bog‘liq. "Sea Breeze" O‘zbekiston tomonga barcha sohil hududidan oqova suvlarni yig‘ib tozalovchi yagona halqa kollektor qurilishini taklif qiladi. Bu yechim nafaqat kurort ehtiyojlariga, balki butun hududning holatini yaxshilashga xizmat qiladi. O‘zbekistondagi loyiha ekologik javobgarlikning xalqaro tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
Loyiha bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassislar qanday fikrda?
– Chorvoq suv ombori sohilida "Sea Breeze Uzbekistan" kurort majmuasi barpo etilishi bo‘yicha muhokamalar bizni ham bezovta qilmoqda, – deydi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. – O‘z tabiatimizni, ekologiyani asrash nafaqat hukumat, balki bizning ham burchimiz, vazifamiz.

Emin Agalarov tomonidan loyiha borasida berilayotgan takliflar puxta o‘ylangan biznes reja. Shu bilan birgalikda, qurilishi rejalashtirilayotgan majmua Chorvoq atrofida mavjud bo‘lgan ekologik muammolarni ham bartaraf etishiga ishonch bildirilmoqda.
"Sea Breeze Uzbekistan" Chorvoq suv qirg‘og‘idan kamida 500 metr ichkarida quriladi. Yashillik zonalari tashkil etiladi. Loyiha tashabbuskori loyihaning barcha bosqichida xalqaro va mahalliy mutaxassislar tavsiyalariga amal qilishga tayyor ekanini tasdiqlab turibdi. Aytishim mumkinki, suv resurslari muhofazasini ta’minlash borasida loyiha maqsadga muvofiqligi, xavf-xatarlar va ularning oldini olish strategiyasini baholovchi malakali ekspert xulosasini olish nihoyatda muhim. Ekologik standartlarga amal qilingan holda amalga oshiriladigan har qanday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor turishimiz kerak. Yangi loyiha amalga oshirilayotganda xalqaro mutaxassislar baholash va monitoringda ishtirok etadi, bu esa har bir bosqichda shaffoflik va javobgarlikni ta’minlaydi.
Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, agar loyiha barcha ekologik me’yorlarga amal qilingan holda amalga oshirilsa, u Markaziy Osiyoda yashil turizm va barqaror rivojlanish uchun namunaviy model bo‘lishi mumkin. Bu ish o‘rinlari yaratadi, infratuzilmaga sarmoya kiritadi va Chorvoqni asrash zarurligiga e’tibor qaratadi.
Hududda barqaror zonalashtirish modeli amalga oshiriladi. Bunda yashil muvozanatni saqlash va tiklash, daraxtlarni ro‘yxatga olish, ko‘chirish va ekish, yangi yashil koridorlar yaratish rejalashtirilgan. Mavjud daraxtlar kesilishi ehtimoli katta. O‘rniga xorijdan keltirilgan, iqlim sharoitiga mos boshqa turdagi daraxtlar ekilishi mumkin. Hozirda biologlar Chorvoqqa yangi o‘simliklarni ko‘paytirish ustida ishlamoqda. Yangi daraxt, o‘simlik va butalarning navlari aniqlanmoqda.
Loyihada ekologik sertifikatga ega qurilish materiallari va hudud landshafti hamda iqlimiga mos energiya tejamkor texnologiyalar qo‘llaniladi. Ochiq jamoat maydonlari, ekologik yo‘nalishlar, bulvarlar va sohilbo‘yi maskanlari yaratiladi. Plyajlar bepul va pullik zonalarga bo‘linadi, ammo har ikkisi ham qulay va yaxshi jihozlangan bo‘ladi. Kurortning 5,5 km uzunlikdagi sohil chizig‘i butun 95 km uzunlikdagi Chorvoq sohilining faqat bir necha foizini tashkil qiladi.
Tadbirkorning aytishicha, qurilish chiqindilarsiz bo‘lmaydi. Chorvoqda olib borilishi rejalashtirilayotgan kurortdan hosil bo‘ladigan chiqindilar maxsus kompaniyalar tomonidan olib chiqiladi va utilizatsiya qilinadi.
Yangi loyiha O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, ekologik ekspertizadan o‘tkaziladi. Loyihada qacha ishchi o‘rni bo‘lishi haqida hozircha aniq ma’lumot mavjud emas. Barcha kelishuv jarayonlari o‘z yakuniga yetgach, qurilish ishlari boshlanadi. Shundan so‘nggina dastlabki infratuzilma ob’ektlari namoyish etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
Ozarbayjon, Boku