XIII asrda venetsiyalik sayyoh Marko Polo va uning og‘a-inilari Buxoro ko‘chalarini kezib, shaharning ulug‘vorligidan hayratga tushganlarida, bu zaminda kelajakda yuzlab italyanlarning taqdiri bog‘lanib qolishini xayollariga ham keltirmagan bo‘lsalar kerak.
O‘rta asrlardayoq Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi savdo yo‘llari nafaqat tovarlar, balki inson taqdirlarini ham tutashtirib yuborgan edi. Tarixning bu sahifalariga nazar tashlar ekanmiz, O‘zbekiston hududida italyanlarning mavjudligi shunchaki tasodifiy tashriflar emas, balki asrlar davomida uzilib-ulanib turgan ingichka, ammo mustahkam rishta ekanligiga guvoh bo‘lamiz.
O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo shaharlari va Italiya o‘rtasidagi aloqalar asosan savdo va diplomatik missiyalar orqali amalga oshirilgan. XIII asrdayoq italiyalik missioner Plano Karpinining Sirdaryo yo‘nalishi bo‘ylab safari va aka-uka Pololarning savdo-razvedka maqsadidagi uzoq sayohatlari buning dastlabki belgilari edi. Florensiyalik savdo vakillaridan biri XIV asrdayoq savdogarlarga Xitoyga borish uchun Genuya yoki Vizantiyadan emas, balki Urganch orqali o‘tishni, u yerda matolarni kumushga almashtirishni maslahat bergani, mintaqamizning o‘sha davr global iqtisodiyotidagi strategik o‘rnini ko‘rsatadi. Biroq, doimiy va muqim aloqalar biroz keyinroq, XVIII asrga kelib yanada jonlana boshladi. Xususan, 1721 yilda Rossiyadan kelgan italyan Florio Beneveni Buxoro xonligida besh yil davomida istiqomat qilib, bu yerdagi siyosiy va ijtimoiy hayotni ichkaridan o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Turkiston o‘lkasiga Yevropa sanoati va madaniyati kirib kelishi bilan italyanlarning oqimi sezilarli darajada ortdi. Tarixchi-arxeolog Lyudmila Jukovaning yozishicha, XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, bu yerda doimiy yashovchi 60-70 nafardan iborat kichik, ammo faol italyan jamoasi shakllandi. Ular orasida til o‘qituvchilari, tijoratchilar va san’at ahli bor edi. Toshkent tarixida iz qoldirgan shaxslardan biri – V.Nikolyan 1873 yilda shahardagi birinchi fotoateleni ochgan bo‘lsa, uning ishini o‘g‘li davom ettirdi. Samarqand temir yo‘li qurilishida esa 500 nafarga yaqin italyan ishchilarining mehnat qilgani, ularning o‘lka infratuzilmasini rivojlantirishdagi hissasi salmoqli bo‘lganidan dalolat beradi.
Italiyalik tadbirkorlarni O‘rta Osiyoga eng ko‘p jalb qilgan omil – bu ipak xomashyosining arzonligi edi. Mahalliy pillachilik Yevropaning ipak yigiruv sanoatini xomashyo bilan ta’minlovchi muhim manbaga aylangandi. Biroq, hamma italyanlar ham bu yerga o‘z ixtiyori bilan kelmagan. Birinchi jahon urushi yillarida ko‘plab harbiy asirlar, jumladan, Vichenso Pilmeri boshchiligidagi guruh Buxoro temir yo‘li va tunnellarni loyihalash hamda qurishda ishtirok etdi. Taqdir hazilini qarangki, Qo‘qondan o‘lja sifatida keltirilgan soat – Kurantlarni aynan harbiy asir Orlandi yig‘ib, o‘rnatgan edi. Boshqa bir italyan rassomi esa buxorolik boyning xonadonini bezash uchun Moskvadan maxsus taklif qilingan.
1917 yilgi voqealardan so‘ng vaziyat keskin o‘zgardi. Turkistonda tuzilgan xorijiy mahbuslar homiyligi tashkiloti ko‘magida ko‘pchilik italyanlar vatanlariga qaytib ketdilar. Ammo hamma ham ketmadi. 1918 yil ma’lumotlariga ko‘ra, o‘lkada 77 nafar italyan – ishchilar, muhandislar va hunarmandlar qolgan edi. Ular orasida fuqarolikni qabul qilib, shu yerda oila qurganlar ham bor edi. Samarqand me’morchiligida esa aka-uka Nellelarning xizmati beqiyos.
Sovet davrida ham bu aloqalar uzilib qolmadi, aksincha, yangi shaklda davom etdi. 1920–1930-yillarda o‘zbek kinosidagi ilk pastonovkachi rassom, asli toshkentlik B.Chelli ko‘plab filmlar yaratilishida qatnashdi. Sanoat sohasida esa italyan mutaxassislari Samarqand va Chirchiqdagi zavodlarni ishga tushirishda yordam berdilar. 80-yillarda tashkil etilgan “Sovplastital” qo‘shma korxonasi esa iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichi bo‘ldi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistondagi italyanlar soni 1926 yilda 25 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 1989 yilga kelib bu ko‘rsatkich 104 nafarga yetgan.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA