-
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Yevropaning nufuzli mukofotlaridan biri – “Prix Avicenne 2025” (Avitsenna mukofoti)ga sazovor bo‘ldi, deb xabar bermoqda ushbu markazning axborot xizmati.
Tantanali marosim Parijdagi Fransiya Milliy tibbiyot akademiyasi binosida bo‘lib o‘tdi. Unda yetakchi olimlar, tib tarixchilari, sharqshunoslar, islom merosi bo‘yicha mutaxassislar va Yevropa madaniy muassasalari vakillari ishtirok etdi. Rasmiy yig‘ilish davomida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga buyuk Avitsenna yodgorlik haykalchasi va mukofot diplomi topshirilishi e’lon qilindi.
Fransuz ilmiy jamoasi alohida ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan markaz faoliyati — inson tarixidagi buyuk olimlardan biri Ibn Sinoning merosini o‘rganishda zamonaviy yondashuvning namunaviy misoli bo‘ldi. Akademiya vakillari O‘zbekiston bugun nafaqat o‘zining madaniy-ilmiy o‘tmishiga g‘amxo‘rlik qilayotganini, balki jahon gumanitar fanlariga ham salmoqli hissa qo‘shib, yangi keng ko‘lamli loyihalarni, tadqiqot standartlarini, restavratsiya, kataloglash va islom intellektual merosini targ‘ib etishni ilgari surayotganini qayd etishdi.

Fransuz olimlari fikricha, markazda yaratilgan ekspozitsiya Avitsenna merosini o‘rganish va tadqiq qilishni yangi bosqichga olib chiqib, O‘zbekistonni ushbu sohada yetakchi maydonga aylantirmoqda.
– Ushbu mukofot hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning keng qamrovli faoliyatiga xalqaro e’tirofning yana bir yorqin tasdig‘i bo‘lib xizmat qiladi, -dediIslom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha Jahon jamiyati raisi Firdavs Abduxalikov o‘z nutqida. – “Prix Avicenne” — bu markazning ilmiy va ta’limiy mazmunini shakllantirayotgan yuzlab milliy va xorijiy olimlar, tadqiqotchilar, tarjimonlar va ekspertlarning mehnatiga yuqori hurmat va munosib baho. Biz bundan keyin ham xalqaro tadqiqotlarni kengaytirishni, ilmiy aloqalarni mustahkamlashni va Avitsenna hamda yurtimizning barcha buyuk mutafakkirlarining merosiga bag‘ishlangan ishlarni davom ettiramiz.
Ma’lumot o‘rnida: Fransiyaning yetakchi ilmiy tashkilotlari tomonidan ta’sis etilgan “Prix Avicenne” mukofoti gumanitar va tabiiy fanlarda erishilgan muhim yutuqlar hamda tarixiy va ilmiy merosni saqlash va targ‘ib etishga qo‘shilgan hissa uchun beriladi.
O‘.Alimov, O‘zA