Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistondagi diniy bag‘rikenglik jarayonlari
18:28 / 2025-11-14

O‘zbekiston azaldan turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar, millatlarning tinch-totuv yashab kelgan o‘lkasi hisoblanadi. Xalqimizning qon-qoniga singib ketgan bag‘rikenglik an’anasi avloddan avlodga o‘tib kelayotgan qadriyat sifatida doim e’zozlangan va e’tirof etilgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik tushunchasini davlat darajasida ham mustahkamlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini kuzatish mumkin. Hozirda yurtimizda yashayotgan 130 dan ziyod millat vakillari uchun 7 ta tilda ta’lim beriladi, 12 ta tilda teleradio-dasturlar tayyorlanadi, 14 ta tilda nashrlar chiqariladi. Umumiy miqdorda 155 ta milliy madaniy markaz ochilgan. Shu bilan birga, yurtimizda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan 16 ta konfessiyaga mansub 2300 dan ortiq diniy tashkilotlar erkin faoliyat olib boradi.  

Mamlakatimizdagi dinlararo bag‘rikenglikni yoritib beruvchi misollardan yana biri – bu diniy konfessiyalar tomonidan o‘z diniy bayramlarini erkin nishonlashda ko‘rinadi.

Hozirda yurtimizda musulmonlar tomonidan ikki hayit bayrami, xristianlar tomonidan Rojdestvo va Pasxa bayramlari, yahudiylar tomonidan Peysax va Xanuka bayramlari, shuningdek buddaviylar va krishnaviylarga oid diniy bayramlarning keng nishonlanishi ta’minlangan.

Shuningdek, O‘zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan noislomiy diniy  Konfessiyalar tashkil topishiga oid bayram kunlari yuqori saviyada tashkil qilinmoqda. Xususan, 2017 yilda Bahoiylar diniy jamoasi asoschisi Bahoulla tavalludining 200 yilligi, 2017 yil noyabr oyida Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasining 145 yilligi va 2021 yilda 150 yilligi, 2023 yil sentyabrda Arman apostollik cherkovining 120 yilligi, 2018 va 2023 yillarda O‘zbekiston Bibliya jamiyatining 25 yilligi hamda 30 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etishda ko‘maklashilgan.  

Yangi O‘zbekiston sharoitida mamlakatimiz aholisining muqaddas yurtlarga ziyoratlarni amalga oshirish ko‘lamining ham sezilarli darajada oshganini qayd etish kerak. Jumladan, Haj ziyorati 2017 yildagi 7 ming 350 tadan 2024 yilda 15 ming  130 taga (ya’ni 205,8% ga) oshdi. Umra ziyoratlari kvotasi esa 2018 yildan boshlab butunlay olib tashlandi va har yili 40 mingdan ortiq aholimiz Umrani ado etishga muvaffaq bo‘lmoqda. Kvota mavjud paytda esa Umra ziyoratiga boradiganlarning soni yiliga taxminan 6000 tani tashkil qilgan edi.

Shuningdek, deyarli 5 mingga yaqin fuqarolar Isroil, Rossiya, Gruziya, Turkiya kabi davlatlarda joylashgan muqaddas maskanlarni ziyorat qilishga muyassar bo‘ldi.  

Diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish yuzasidan diniy ta’lim tizimi ham tubdan isloh qilindi, yangidan-yangi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Hozirgi kunda respublikamizda Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi va 2024 yilda ochilgan Imom Termiziy nomidagi islom instituti singari oliy diniy dargohlar bilan bir qatorda 10 ta o‘rta maxsus islom bilim yurtlari hamda pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat olib bormoqda. Shu bilan bir birga, dunyoviy va diniy ilmlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashkil etilgan. O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy ta’lim muassasalarida 5000 dan ziyod yoshlar uchun bilim olish imkoniyati mavjud.

Bundan tashqari, hududlarda maxsus ilmiy maktablar ham tashkil etilgan bo‘lib, ularda ham islom diniga oid ta’limotlar o‘rganiladi, jumladan, Farg‘onada “Fiqh”, Samarqandda “Kalom” va “Hadis”, Qashqadaryoda “Aqida” va Buxoroda “Tasavvuf” maktablari o‘z tinglovchilariga ega.

Shuningdek, yurtimizda 2017 yilda Imom Buxoriy va Imom Termiziy, 2020 yilda Imom Moturidiy hamda 2025 yilda Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalarning hayoti va ijodini o‘rganishga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Qolaversa, 2025 yilda O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazining asosiy binosi foydalanishga topshirilishi natijasida yurtimiz allomalarining boy ilmiy merosini bir joyga jamlagan holda dunyoga namoyish qilish imkoniyati taqdim qilindi.

Fuqarolarning Qur’oni karimni o‘rganish yuzasidan xohish-istaklari va ehtiyojlarini qondirish maqsadida 2018 yildan boshlab respublikada faoliyat olib borayotgan diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktablar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining ayrim viloyat vakilliklari qoshida, shuningdek, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Qur’oni karim va tajvid” kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur kurslarni hozirgi kunga qadar 50 mingdan ortiq tinglovchi tamomladi.  

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda diniy sohadagi islohotlar bilan birgalikda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tahsinga loyiq amaliy ishlar olib borildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2018 yildan boshlab 20 mingga yaqin fuqarolarning “qora ro‘yxat”lardan chiqarildi, 2019-2021 yillar davomida 5 ta “Mehr” operatsiyalari doirasida mojaroli hududlardan 550 ta ayol-qizlar va yosh bolalar o‘z vatanlariga qaytarildi, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi. Bular esa yuqori darajadagi islohotlar sifatida ekspertlar tomonidan e’tirof etildi. Qolaversa, O‘zbekiston so‘nggi 20 yilda AQSHning “Alohida tashvish tug‘diradigan davlatlar ro‘yxati”dan chiqarilgan dunyoning ikkinchi mamlakati bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik tamoyillarining mustahkamlashga qaratilgan xalqaro darajadagi ilg‘or tashabbuslari xalqaro hamjamiyatning olqishiga sazovor bo‘lmoqda. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra, 2018 yil 12 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida, tashkilotga a’zo 193 ta mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini shular jumlasiga kiritish mumkin.

Xalqaro miqyosda diniy bag‘rikenglik tamoyilining joriy qilinishiga yana bir yorqin misol sifatida joriy yilning 16 - 20 may kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida o‘tkazilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumini ko‘rsatish mumkin. Ushbu forum Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va AQSHdan taniqli diniy ulamolar, ilohiyotchilar, huquqshunoslar, davlat va jamoat arboblarini bir joyga to‘pladi. O‘zbekiston tomonidan turli konfessiyalar vakillari, ilohiyotchilar, diniy ulamolar, tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislari ishtirok etdi.

Forum jahon hamjamiyatiga o‘zbek xalqining boy madaniy, tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosi, shuningdek, O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy, dinlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, jamiyatda do‘stlik va o‘zaro tushunish muhitini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasi bilan tanishish imkoniyatini beruvchi muhim platformaga aylandi. Xalqaro forum yakunida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilindi. Ushbu hujjat avval qabul qilingan Marokash (2016), Jakarta (2017), Potomake (2018), Punto-del-Este (2018) va Makka (2019) deklaratsiyalarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Xulosa sifatida ta’kidlash mumkinki, O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik jamiyatning muhim qadriyatlaridan biriga aylangan. Mamlakatda turli millat va elat vakillariga o‘z diniy e’tiqodlarini erkin amalga oshirish, diniy marosim va an’analarini saqlab qolish uchun keng imkoniyatlar va qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Bu holat xalqaro miqyosda ham yuqori baholanmoqda. Jumladan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Bosh komissari Zayd Al-Husayn O‘zbekistondagi dinlararo va millatlararo totuvlik muhitini “bugungi beqaror dunyoda boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishga loyiqdir”, degan e’tirofida misol tariqasida anglashimiz mumkin.

Ulug‘bek Jo‘rayev,

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi