2025 yil aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Mazkur hujjat mamlakatimizda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bilan birga shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash hajmi ham ortib borayotgani, ularni himoya qilishning nafaqat huquqiy, balki institutsional, texnologik va madaniy jihatdan ham dolzarbligini inobatga olib, qator topshiriqlar yuklaydi.
Shu bois, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil 14 iyuldan 21 avgustga qadar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning O‘zbekistondagi loyiha koordinatori Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “Noventiq Education” o‘quv markazi bilan hamkorlikda davlat organlarida axborot xavfsizligi sohasi bo‘yicha mas’ul 70 nafar mutaxassis uchun treninglar tashkil etmoqda.

Tadbir YeXHT tomonidan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va raqamli ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha milliy salohiyatni oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli tashabbusning bir qismidir. O‘quv seminarlari YeXHTning “Kibertahdidlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi tahdidlarga qarshi kurashishda milliy salohiyatni rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Trening dasturi kiberhimoyaning uchta asosiy yo‘nalishini qamrab oladi. Ishtirokchilar xakerlik hujumlari usullarini chuqur o‘rganib, real xavfli vaziyatlarni modellashtirish orqali zaiflikni aniqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikma olmoqda.
Qayd etilishicha, dunyo serverlarining 90 foizdan ortig‘i wyeb-serverlar, ma’lumotlar bazalari, korporativ, davlat tizimlari va Linux platformasida ishlaydi. Treningda tizim xavfsizligini sozlash, kirish nazorati, jurnal yuritish o‘rgatilmoqda.
– Bugungi raqamli tahdidlarga samarali javob berish uchun mutaxassislar nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikmaga ham ega bo‘lishi zarur. Bunday treninglar real hayotiy vaziyatlarga tayyorlanish imkonini yaratadi. Bu raqamli infratuzilmaning barqarorligi va xavfsizligini saqlab qolish uchun muhim bir qadamdir, – dedi YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori vazifasini bajaruvchi Sergey Sizov.
Tashabbus davlat idoralarining professional malakasini oshirish, shuningdek, xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etishga qaratilgan. Zero, treninglar axborot xavfsizligi sohasida milliy salohiyatni mustahkamlashga yo‘naltirilgan tizimli ishlarning bir qismiga aylandi hamda mutaxassislarni zamonaviy raqamli tahdidlarga tayyorlashni ta’minlayapti.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA