Har qanday masala bo‘yicha beminnat xizmat qiladigan, atrofdagi insonlarga, jamiyatga astoydil va hech qanday moddiy manfaatlarsiz yordam beruvchilar — volontyor deb ataladi. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab yo‘qolgan insonlarni qidirish, ularni oilasi bag‘riga qaytarish kabi xayrli ishlar bilan shug‘ullanadigan volontyorlik guruhlari ham bor.
Yo‘qolgan va ekspluatatsiya qilingan bolalar xalqaro markazi ma’lumotlariga ko‘ra, har yili AQSHda 420 mingdan ortiq bola yo‘qolib qoladi. Bu ko‘rsatkich Buyuk Britaniyada 80 ming, Kanadada 40 ming, Avstraliyada 20 mingdan ortiqni tashkil qiladi.
Rossiyada esa turli ma’lumotlarga ko‘ra, har yili o‘rtacha 100 mingga yaqin odam bedarak yo‘qoladi. Ular orasida bolalar 30 foizdan oshadi. Ko‘pincha 10-12 yoshgacha bo‘lgan bolalar g‘oyib bo‘lishadi va turli xil jinoyatlarning yoxud falokatlarning qurboni bo‘lishadi.
Afsuski, yurtimizda ham bunday noxush holatlar uchrab turadi. Kimningdir bolasi, kimningdir yaqinlari uydan chiqib ketadi-yu, biror baxtsiz hodisa yoki jinoyat sababmi, bedarak yo‘qoladi. Mana shunday og‘ir vaqtda yo‘qolgan insonlarni qidirish, ularni oilasi bag‘riga qaytarishdanda zarur, xayrli ish yo‘q, albatta. O‘zbekistonda ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yirik volontyorlik guruhi mavjud bo‘lib, ularning sa’y-harakatlari natijasida yuzlab odamlar yaqinlari yoniga qaytarilgan.
“UzAlert” – 2020 yildan buyon O‘zbekistondagi birinchi qidiruv-qutqaruv volontyorlik guruhi hisoblanadi. Bu guruh asosan yo‘qolgan odamlarni topish va qutqarish hamda huquqni muhofaza qilish organlariga yordam berish kabi faoliyat bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan volontyorlikni rivojlantirish, imkoniyatlarni kengaytirish, volontyorlarni rag‘batlantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqib, amalga oshirishda vakolatli organ hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, loyiha doirasida bugunga qadar qariyb 1 ming 327 nafar bedarak yo‘qolgan shaxs topilgan.
–“UzAlert” guruhining tashkil qilinishi kutilmaganda sodir bo‘ldi, –dedi “UzAlert” guruhi asoschisi Tatyana Voloshina. – Bir telegram kanalida ayolning qizini topishga yordam berish haqidagi iltimosi joylandi. Izohlarda guruhning bir nechta a’zolari ayolga yordam berish maqsadida yozishgan. Shundan so‘ng telegramda alohida guruh yaratildi, u yerga tanishlar, qarindoshlar va shunchaki befarq bo‘lmaganlar qo‘shildi. Shundan so‘ng odamlarga yaqinlarini topishda yordam berish maqsadida ushbu guruhni rivojlantirishga qaror qilindi. Guruhga turli tashkilotlar a’zolari qo‘shildi va “UzAlert” nomi ostida boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham guruhlar tashkil etildi. Hozirda guruhimizda 40 mingdan ortiq volontyor jam bo‘lgan.
Guruh asoschisi bizga tizim qanday ishlashini ham tushuntirib berdi.
–Biror kishining yo‘qolgani haqida xabar kelib tushsa, eng avvalo, u haqidagi ma’lumotlarni kanalga joylaymiz. So‘ngra volontyorlar uni boshqa guruhlar, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatishadi. Keyin qidiruvdagi kishi oxirgi marta qayerda bo‘lganini aniqlaymiz, o‘sha hududdagi kameralarni tekshiramiz. Hudud bo‘ylab qo‘shnilar, o‘tkinchilar bilan suhbatlashamiz. Tegishli idoralar bilan ma’lumot almashamiz.
Shuningdek, volontyorlarimiz kasalxonalarga qo‘ng‘iroq qilish, darhol piyoda qidiruv boshlash bilan shug‘ullanishadi. Har bir qidiruvdan so‘ng ko‘ngillilar ko‘payib bormoqda. Biz bedarak yo‘qolganlarning yaqinlariga ma’naviy yordam beramiz va ularga butun mamlakat hamdard ekanini ko‘rsatamiz.
Hozirda “UzAlert” jamoasi respublikamizdagi yirik davlat va xususiy tashkilotlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘z faoliyatini olib bormoqda. Shuningdek, guruh doimiy ravishda fuqarolarga bedarak yo‘qolgan taqdirda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, yo‘qolib qolishning oldini olish, xotirasi bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan keksalarga qanday g‘amxo‘rlik qilish va bolalar xavfsizligi haqida ma’lumot berib boradi, – dedi “UzAlert” guruhi asoschisi.
Ko‘rinib turibdiki, odamlarga yordam berish murakkab, qimmat va katta kuch talab qiladigan ish emas. Guruh ko‘ngillilari hamdardlik, e’tibor, g‘amxo‘rlik, o‘z vaqtida yordam qo‘lini cho‘zish naqadar muhimligini o‘z misolida ko‘rsatmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA