Markaziy bank tomonidan «2022 yil I yarim yillik yakuni bo‘yicha banklarning moliyaviy holati sharhi» taqdim etildi.
Unda qayd etilishicha, mamlakatimizdagi banklar tomonidan 2022 yilning yanvar-iyun oylari davomida 87 trln. so‘m miqdorida kreditlar ajratilgan. Bu ko‘rsatkich, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 foiz ortiq.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, joriy yanvar-iyun oylarida banklar tomonidan o‘rtacha oylik ajratilgan kreditlar 14,5 trln. so‘mni tashkil etgan. Ushbu kreditlarning 70 foizi, ya’ni 61 trln. so‘m korporativ va 30 foizi, ya’ni 26 trln. so‘m chakana kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining uzluksizligini ta’minlash hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 18 trln. so‘mlik revolver kreditlar berilgan.
Banklarning jami kredit portfeli joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra 344 trln. so‘mni, ularning 77 foizini korporativ kreditlar, 23 foizini chakana kreditlar tashkil etadi. Jami kredit portfeli qoldig‘i joriy yil boshiga nisbatan 5 foizga yoki 17 trln. so‘mga (yillik o‘sish 14 foiz) oshgan.
Korporativ kreditlar 2 foizga, chakana kreditlar esa 16 foizga (11 trln so‘m) o‘sgan. Chakana kreditlar o‘sishi mikroqarzlar qoldig‘i 5,7 trln. so‘m (jami o‘sishning 52 foizi), ipoteka kreditlari 4,7 trln. so‘mga (43 foiz), ta’lim kreditlari 436 mlrd. so‘mga (4 foiz), avtokreditlar 422 mlrd. so‘mga (4 foiz) o‘sishi va boshqa iste’mol kreditlar qoldig‘i 943 mlrd. so‘mga kamayganligi bilan izohlanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2022 yil 1 iyul holatiga ko‘ra tijorat banklari kredit portfelining 82,9 foizi «standart», 12,2 foizi «substandart» kreditlar sifatida tasniflangan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA