O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 noyabrdagi “Chet davlat fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan boshlab chet el fuqarolari O‘zbekistonda ayrim turdagi tovarlarni xarid qilishda ular tomonidan to‘langan QQS summalarini qaytarish bo‘yicha “Tax free” tizimi joriy etildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “Tax free” mamlakatimizning barcha hududlaridagi chakana savdo ob’ektlarida qaror bilan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, umumiy qiymati kamida 1 million so‘m bo‘lgan “Tax free” tizimi tatbiq etiladigan tovarlarni xarid qilish lozim. Buning uchun chet davlat fuqarosi “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tishi va xaridlari bo‘yicha taqdim etilgan onlayn-NKT fiskal cheklarini skanerlashi kifoya.

“Tax free” summasini hisoblash, uni chet davlat fuqarosining bank plastik kartasiga yoki bank hisob varag‘iga o‘tkazib berish tizim operatori “Soliq-servis” DUK tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu jarayonlarni "Soliq" mobil ilovasida onlayn vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Chet davlat fuqarolari O‘zbekiston hududini Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Urganch xalqaro aeroportlari orqali tark etganda tizim operatoriga murojaat qilgan holda mahsulot xarid qilgan paytdan boshlab 3 oy ichida QQS summasini qaytarishni rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi.
“Tax free” summasi chet davlat fuqarosining respublika hududidan chiqib ketish holati tasdiqlangandan so‘ng, xarid amalga oshirilgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin qaytariladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA