Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatadigan onlayn platforma yaratiladi
20:04 / 2021-01-28

Prezidentimiz kuni kecha – 27 yanvar kuni yoshlar bandligi mavzusida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasiga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 15 ta kasb-hunar o‘rgatadigan onlayn platformani ishga tushirish, joriy yilda kamida 20 ming nafar yoshlarni o‘qitish vasifasini belgilab berdi.

“Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi shu yilga qadar iqtidorli, tadbirkorlikning ko‘zini biladigan yoshlarga e’tibor qaratgan bo‘lsa, endilikda o‘z o‘rnini topa olmagan, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ya olmagan yoshlar bilan shug‘ullanadi.

Jamg‘arma tomonidan yoshlarni daromadli kasblarga o‘qitish maqsadida tajribali mutaxassislar, mahoratli trenerlarni jalb qilgan holda onlayn platforma yaratiladi. Ushbu platformaga kasb-hunarlarni o‘rgatish bo‘yicha yurtimiz va xorijiy tajribalar asosida videodars, qo‘llanma, yo‘riqnoma, mahorat darslari joylashtirib boriladi.

Bu maqsadlar uchun esa jamg‘armaga 20 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Butun jamoamiz bilan mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida hozirgi kunda mamlakatimizda talab yuqori bo‘lgan 20 ta kasb-hunar turini aniqlashtirdik. Oldimizga qo‘ygan endigi vazifimiz esa, mazkur kasb-hunarni o‘rganish istagida bo‘lgan yoshlarga onlayn platforma orqali dastlabki bilimni berishdir.

Keyingi qadam mazkur kasb-hunarlarga oid olingan bilimlarni amaliyotda sinash va tajriba orttirish bo‘ladi. Barchamizga ma’lumki, har qanday kasb-hunarni mukammal egallash uchun, albatta, amaliyot zarur.

O‘tgan 2,5 yillik faoliyatimiz davomida orttirgan tajribamiz, shuningdek, jamg‘arma ko‘magida imtiyozli kredit olib, biznesini yo‘lga qo‘ygan barcha fidoyi tadbirkor va hunarmandlar ko‘magida mazkur amaliyot dasturini hayotga tatbiq etamiz.

Shuningdek, yoshlarga nafaqat kasb-hunar, balki tadbirkorlikning sir-asrorlarini ham o‘rgatamiz. Ularga tadbirkorlik yo‘nalishida yurtimizda mavjud imkoniyatlardan foydalanib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining butun jamoasi bor kuchini safarbar etadi.

Yoshlarimizga tadbirkorlikning dastlabki bosqichlaridan tortib, kredit olishgacha, kredit olishdan keyingi jamiki moliyaviy faoliyat, hattoki, ular tomonidan ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarni bozorga realizatsiya qilishga ham ko‘maklashuvchi mukammal tizim ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlikning daromadli sohalarini ommalashtirish, yosh tadbirkorlarning o‘zaro fikr, tajriba almashinuvini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik sohalariga mas’ul uyushmalar bilan hamkorlikda har bir tuman va shaharda yosh lider tadbirkorlarni shakllantiramiz.

Bu tizimni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida barcha vazirlik, idoralar, uyushmalar, fidoyi tadbirkorlar, hunarmand va tajribali trenerlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz.

Xayrulla Sattarov,

“Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori.

O‘zA