Markaziy bank joriy yil II chorak Mehnat bozori sharhini e’lon qildi.
Xususan, joriy yilning yanvar-mart oylarida Markaziy Osiyo mamlakatlarida real ish haqining o‘rtacha o‘sishi 9,8 foizni, ayrim Kavkaz davlatlarida esa 9,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich atigi 7,2 foizni tashkil etdi.
Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan iqtisodiy faollik bo‘yicha so‘rovnoma natijalari kelgusi oylarda ish o‘rinlari sonini oshirishni kutayotgan tadbirkorlar ulushi pasayayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, II chorak davomida o‘rtacha 30,2 foiz (I chorakda 36,3 foiz bo‘lgan) tadbirkorlar kelgusi uch oyda ish o‘rinlari sonini oshirishini bildirishgan.
Ish o‘rinlari sonini oshirishni kutayotgan tadbirkorlik sub’ektlari ulushining pasayishi asosan sanoat va xizmatlar sohalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunda sanoat sohasidagi respondentlarning 26,8 foizi (o‘tgan yilning mos davrida 33,7 foiz), xizmatlar sohasida esa 29,1 foizi (32,4 foiz) kelgusi davrlarda ish o‘rinlari sonini oshirishni rejalashtirishgan.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar soni o‘sishda davom etmoqda. Jumladan, 2025 yil 1 iyul holatiga yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 296 ming nafarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,6 foizga oshgan. O‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar soni esa ushbu davr mobaynida 1,5 barobarga ko‘payib, 5,5 million nafarga yetdi.
Markaziy bank o‘rganishlari so‘nggi davrlarda mamlakat iqtisodiyotida izchil o‘sish barqaror davom etayotganini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, ushbu holat 2024 yil davomida hamda 2025 yilning o‘tgan davrida yaqqol namoyon bo‘lgan. Mehnat bozorida bosimning kuchayishi, ya’ni ishsizlikning pasayishi bilan bir vaqtda ishchi kuchiga bo‘lgan talabning ortib borishi kuzatilgan.
2025 yilning birinchi yarim yilligida mehnat bozorida samaradorlik 2024 yilning so‘nggi davrlariga nisbatan pastroq shakllandi. Ya’ni, ishsizlik darajasining pasayishi sekinlashuvi sharoitida ish o‘rinlari soni sezilarli oshdi. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiyotning kattalashayotganidan dalolat bersa-da, mehnat bozorida talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblik saqlanib qolayotganini bildiradi.
2025 yilning II choragida ish haqining nominal o‘sish sur’ati yillik 17,2 foizni va real o‘sish sur’ati esa 7,3 foizni tashkil etdi. Bunda o‘rtacha oylik ish haqi qariyb 6 million so‘mga teng bo‘ldi. Sohalar kesimida, moliya va sug‘urta hamda axborot va kommunikatsiya xizmatlari yo‘nalishlarida o‘rtacha ish haqining boshqa sohalarga nisbatan yuqori shakllanishi saqlanib qoldi. Shu bilan birga, II chorak davomida axborot, transport va ijtimoiy xizmatlar yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi xodimlarning ish haqi qolgan tarmoqlarda faoliyat yurituvchilarnikiga nisbatan real va nominal qiymatlarda yuqoriroq o‘sdi. Ish haqining eng kam o‘sishi qurilish sohasida kuzatilib, ushbu sohada faoliyat yurituvchi xodimlarning o‘rtacha ish haqi nominal qiymatda yillik 6,1 foizga oshgan bo‘lsa, real qiymatda 2,8 foizga kamaydi.
So‘nggi choraklarda O‘zbekistonda real ish haqining o‘sishi mintaqadagi davlatlar bilan solishtirganda nisbatan pastroq shakllanmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-mart oylari davomida Markaziy Osiyo davlatlarida real ish haqining o‘rtacha o‘sishi 9,8 foizni, ayrim Kavkaz davlatlarini hisobga olganda esa 9,1 foizni tashkil etdi. Iqtisodi o‘xshash mamlakatlarga nisbatan mazkur tafovutning uzoq muddat saqlanib qolishi kelgusida O‘zbekiston mehnat bozori ishtirokchilarining xarid qobiliyati pasayishiga va talabning susayishiga olib keladi.
O‘zbekistonda yillik minimal ish haqining aholi jon boshiga YAIM hajmiga nisbati 35 foizga teng bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkichning yuqoriroqligi mamlakatda daromadlar boshqa davlatlarga nisbatan tengroq taqsimlanganini ko‘rsatsa, nisbatning pastligi aksincha daromadlarning notekis taqsimlanganidan dalolat beradi. Mintaqa davlatlari orasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Gruziya davlatlarini hisobga olmaganda, boshqa davlatlar, jumladan O‘zbekistonning ushbu ko‘rsatkichlari yuqoriroq va bir-biriga yaqin shakllangan.
Shu tariqa, O‘zbekiston eng kam ish haqi ko‘rsatkichlari eng past bo‘lgan davlatlar qatoridan joy oldi.
Minimal ish haqi va YAIM nisbatan O‘zbekistonda eng kam yillik ish haqi aholi jon boshiga YAIM ulushiga nisbatan hisoblaganda 35 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich ham mintaqadagi boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda eng past ko‘rsatkichlardan biridir.
Buni taqqoslaydigan bo‘lsak, Qozog‘iston – 14 foiz, Qirg‘iziston – 14 foiz, Gruziya – 12 foizni tashkil etadi.
Mintaqaning boshqa mamlakatlarida ko‘rsatkichlar bir-biriga yaqin va nisbatan yuqori.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA