Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda yiliga 106 tonnaga yaqin oltin qazib olingan
18:54 / 2022-02-25

O‘zbekiston dunyoning eng yirik oltin zaxiralariga ega sanoqli davlatlaridan biri hisoblanadi.

E’tiborli jihati shundaki, oltin, uran, mis, tabiiy gaz, volfram, kaliy tuzi, fosforitlar, kaolin kabi foydali qazilmalar zaxirasi bo‘yicha O‘zbekiston nafaqat MDH davlatlari o‘rtasida, balki butun dunyoda yetakchi o‘rin egallaydi.

Jumladan oltin zaxirasi bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinda, uni qazib olish bo‘yicha 7-o‘rinda, mis zaxirasi bo‘yicha 10-11-o‘rinlarni, uran zaxirasi bo‘yicha 7-8-o‘rinda, qazib olishda 11-12-o‘rinlarni egallashi qayd etilgan.

Kanadaning "Kitco" kompaniyasi ekspertlarining 2020 yilda oltin qazib olinishi bo‘yicha konlar reytingida Navoiy viloyatidagi «Muruntov» koni jahondagi eng ko‘p oltin zaxirasiga ega bo‘lgan konlar ichida 1-o‘rinni egallagan. "Kitco" kompaniyasi «Muruntov» koni 1,8 mlrd. tonna ma’dan hamda 4,5 ming tonna oltin zaxirasiga ega. Yuqoridagi reytingda keyingi o‘rinlarda AQSHdagi «Karlin» va Rossiyadagi «Olimpiada» konlari joylashgan.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mamlakatimizda tog‘-konlardan tabiiy boyliklarni qazib olish ko‘lamini kengaytirish maqsadida sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirilmoqda. Jumladan, bugungi kunda 10 ta xalqaro tog‘-kon kompaniyalari bilan umumiy qiymati 1,2 mlrd. dollar bo‘lgan loyihalar yo‘lga qo‘yildi.

Shundan, joriy yil yakuniga qadar 76 mln. dollar (2021 yilga nisbatan 1,5 baravar ko‘p) o‘zlashtiriladi. Jumladan, Kanadaning B2 Gold, Yaponiya JOGMEC, Turkiya geologiya xizmati MTA bilan qo‘shimcha 26 tonna oltin, 15 ming tonna volfram hamda Fransiyaning "Orano" kompaniyasi bilan 14 ming tonna qo‘shimcha uran zaxiralari ko‘paytiriladi.

Shuningdek, Uchquloch – polimetall, Tebinbuloq va Syurenota – temir konlarini o‘zlashtirish, Kuljuktov tog‘ tizmasida geologik izlanishlar olib borish va aniqlangan oltin konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 2,7 mlrd. dollar bo‘lgan yirik investitsiya loyihalari shakllantirildi.

Bundan tashqari, investitsion jozibadorlikni oshirish uchun xalqaro tashkilotlar – "Boston konsalting grupp", Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari bilan yer qa’ridan foydalanish soliq (royalti) stavkalari xalqaro me’yorlarga moslashtirildi.

Hozirda xalqaro konsultantlar bilan birgalikda «Yer osti boyliklari to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, yangi tartib asosida 24 ta strategik turdagi geologik ob’ektlar “E-AUKSION"ga joylashtirilib, shaffof tanlovlar asosida auksion savdolarga chiqariladi.

Har bir ob’ekt bo‘yicha geologik taqdimot materiallari, bukletlar, shu jumladan, geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib, investorlar orasida keng targ‘ib qilinadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, O‘zbekistonda 2020 yilda 101,6 tonna oltin qazib olingan. Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2021 yil jami 31 ta ob’ekt bo‘yicha oltin va mis konlaridan jami 106 tonnaga yaqin oltin qazib olingan.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA