Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda yil yakuniga qadar 660 ta xalqaro va Yevropa standartlari joriy qilinishi rejalashtirilgan
15:35 / 2024-10-15

Poytaxtimizda 14 oktyabr – Butunjahon standartlar kuni munosabati bilan Standartlashtirish ilmiy-texnik komissiyasining 68 – yig‘ilishi, Davlatlararo texnik qo‘mitalar ishchi guruhining 14-yig‘ilishi hamda ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, dunyoning har bir rivojlangan mamlakatida standartlar ishonchli sifat kafolatini bildiruvchi omil sanaladi. Mahsulot sifati esa har bir mamlakat taraqqiyotining tayanch tomiri va asosidir.

Bugungi kunda standartlashtirish sohasining asosiy vazifasi – turli mahsulotlar, xizmatlar va jarayonlarni belgilangan talablarga moslashtirish jarayoni bo‘lib, uning maqsadi ishlab chiqarish, savdo va iste’molchilarning ehtiyojlarini samarali ta’minlashdan iborat. Standartlar turli mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida savdo-sotiqni osonlashtiradi, sifat, xavfsizlik va ekologik talablarni bajarishga yordam beradi. Bugungi kunda xalqaro miqyosda qabul qilingan standartlar milliy iqtisodiyotning rivojlanishiga turtki berib, mahsulotlarning xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshiradi.

O‘zbekiston standartlar instituti standartlarni ishlab chiqarish, davlat tiliga tarjima qilish, ekspertizadan o‘tkazish, faollashtirish, standartlarni aniqlash, standartlarni sotish, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘z faoliyatini yuritadi.

Mamlakatimiz xalqaro tashkilotlarning 17 ta (ISO, IYETS va MGS) texnik qo‘mitalariga a’zo qilindi. 84 ta sanoat korxonalarida xalqaro ISO 9001, ISO 14001, ISO 22000 va ISO 50001 standartlari joriy etilib, sertifikatlashtirildi. Kelgusida esa ISOning 6 ta texnik qo‘mitasiga a’zo bo‘linib, a’zolik soni 29 taga hamda 2 ta IYETSning texnik qo‘mitalariga a’zo bo‘lib, a’zolik soni 12 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Hozirda O‘zbekistonda 5 236 ta standart o‘z ahamiyatini yo‘qotgani va ma’nan eskirgani sababli bekor qilingan. Ularning o‘rniga xalqaro standartlarni qabul qilishga oid islohotlar amalga oshirilmoqda. 2024 yilning uchinchi chorak yakuniga qadar 3 108 ta standart qayta ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan, hozirgi kunga kelib 3 074 ta standart qayta ko‘rib chiqilgan. 183 ta standart bekor qilingan va 202 ta xorijiy davlatlarning milliy standartlari, 181 ta xalqaro va Yevropa standartlari hamda 210 ta davlatlararo standartlar qabul qilingan.

Milliy standartlarning Jahon savdo tashkiloti talablariga mosligini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, 2024 yilning uchinchi choragi yakuniga qadar 2 091 ta standart tahlili o‘tkazilishi belgilangan. Bugungi kunga kelib 2 392 ta standart qayta ko‘rib chiqilgan. Turli vazirlik va idoralar, jumladan, “O‘zeltexsanoat“, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekneftgaz“, “O‘zto‘qimachilik“ uyushmasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi o‘z sohalarida bir qancha standartlarni qayta tahlil qilib chiqqan.

Tadbirda qayd etilishicha, O‘zbekistonda xalqaro standartlarni joriy etish orqali mahsulotlar sifatini yaxshilash va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga katta e’tibor berilmoqda. Xususan, 1 700 ta xalqaro standartni qabul qilish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlangan. Joriy yilning yakuniga qadar yana 660 ta xalqaro va Yevropa standartlari joriy qilinishi rejalashtirilgan. Mahalliy mahsulotlarga tegishli 1 040 ta xalqaro va Yevropa standartlari joriy qilingan bo‘lib, bunda yengil sanoat, oziq-ovqat, qurilish va kimyo sanoati kabi sohalar qamrab olingan.

Yana bir yirik yo‘nalish, Texnik qo‘mitalarni qayta tashkil etish jarayoni ham samarali amalga oshirilgan bo‘lib, ularning soni 33 tadan 28 taga qisqartirilgan. Yangi tashkil etilgan 3 ta texnik qo‘mita: Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va O‘zbekiston milliy metrologiya instituti o‘z faoliyatlarini boshlagan. Hozirda O‘zbekiston standartlar instituti kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘limida uch kunlik (24 soat), bir haftalik (40 soat), ikki haftalik (80 soat), uch haftalik (116 soat) va to‘rt haftalik (152 soat) o‘quv kurslari o‘tkazib kelinmoqda. 2005-2024 yillar davomida O‘zbekiston standartlar institutida 150 dan ortiq ixtisoslik bo‘yicha kurslar tashkil etilib, ularda jami 50 mingdan ortiq mutaxassis o‘z kasbiy malakasini oshirdi.

Standartlar sohasini rivojlantirish mamlakatimiz sanoatiga global raqobatdosh ustunlikni oshirishning samarali imkonini beradi. Shunday ekan, yurtimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari eng avvalo, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi bo‘lib, ularning barchasi inson qadri va uning farovonligiga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatli, xavfsiz va raqobatbardosh bo‘lishiga xizmat qiladi.

Konferensiya doirasida 21 ta oliy ta’lim muassasasi hamda 12 ta korxona va tashkilotning standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalaridagi innovatsion g‘oyalar va ishlanmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mazkur ko‘rgazmaga 300 dan ortiq sinov laboratoriyalari va sanoat tarmoqlari taklif etilgan.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA