Kadastr agentligining ma’lum qilishicha, joriy yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab yer maydonlaridan maqsadsiz foydalanish holatlari keng qamrovda o‘rganib chiqilgan.
O‘rganishlar natijasida 9 356 ta qonunbuzarlik holati aniqlanib, ularning umumiy maydoni 18 089,5 gektarni tashkil etdi.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan:
13 ta holat (2,6 ga) yuzasidan sudlarga dalolatnomalar kiritilib, qonunchilik asosida hal etish choralari ko‘rildi;
6 ta holat (1,9 ga) bo‘yicha yer maydonlari bevosita davlat ixtiyoriga qaytarildi;
9 343 ta holat (18 086,9 ga) yuzasidan hududiy hokimliklarga rasmiy taqdimnomalar yuborildi.
Shu asosda 9 010 ta holatda (17 799 ga) yer maydonlari davlat ixtiyoriga qaytarilishi ta’minlandi.
Ko‘rilayotgan choralar mamlakatda yer resurslarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim qismini tashkil etadi. Yer maydonlari iqtisodiyotning strategik tarkibiy qismi hisoblanib, ulardan samarasiz foydalanish qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmiga, oziq-ovqat xavfsizligiga hamda hududlarning iqtisodiy salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kadastr organlari tomonidan sudlarga murojaat qilish, hokimliklarga taqdimnomalar yuborish va yerlarni davlat ixtiyoriga qaytarish kabi choralar yer maydonlaridan qonun doirasida va maqsadli ravishda foydalanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bu jarayon orqali:
— yerdan oqilona foydalanish,
— uning huquqiy himoyasini kuchaytirish,
— qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish,
— investitsiyaviy jozibadorlikni ta’minlash
kabi ustuvor vazifalar amalga oshirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, aniqlangan va davlat ixtiyoriga qaytarilgan yer maydonlari davlatning yer resurslarini muhofaza qilish borasidagi qat’iy siyosati samarasi hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, tadbirkorlar va fermerlar uchun qonuniy asosda yerdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi, yerga egalik qilish madaniyatini yuksaltiradi hamda milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlaydi.
Demak, yerdan maqsadsiz foydalanishga qarshi ko‘rilayotgan choralar nafaqat qonun ustuvorligini ta’minlashga, balki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA