Prezidentimizning 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining "yashil" iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida "yashil" iqtisodiyotga o‘tish va "yashil" o‘sishni ta’minlash dasturi ishlab chiqilgan. Dasturga asosan issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish, sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish kabi qator vazifalar belgilangan.
Bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘quv markazida tashkil etilgan seminar-trening aynan ushbu qaror ijrosini ta’minlashga qaratildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi hamda Germaniya hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirga davlat va xususiy tashkilotlar mutaxassislari taklif etildi.
Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi direktori Temur Malik Narziqulov ushbu seminar-trening maqsadi “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni rejalashtirish, amalga oshirish va natijalarni doimiy baholab borish bo‘yicha davlat va xususiy tashkilotlarning texnologik salohiyatlarini mustahkamlashga qaratilganini ta’kidladi.
–Shu sababli, Prezidentimizning yuqorida zikr etilgan qaroriga asosan muntazam seminarlar tashkil etib boriladi. Ikki kunga mo‘ljallangan ushbu tadbirda ishtirokchilar “Yashil” iqtisodiyot va barqaror rivojlanishning asosiy tushunchalari, “Yashil” iqtisodiyotning xalqaro va xorijiy tendensiyalari”, “Uglerod narxini belgilash – uglerod soliqlari, uglerod savdosi va SVAM” kabi qator masalalarda bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ladi. O‘z navbatida, seminarda yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi hajmini kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, shaharlardagi yashil maydonlarni kengaytirish singari ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ahamiyatiga keng urg‘u beriladi, – dedi u.
[gallery-17418]
Seminar-trening yakunida mavzuni ijobiy o‘zlashtirgan ishtirokchilarga sertifikatlar beriladi.
Nasiba Ziyodullayeva, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA