Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni besh barobar ko‘payib, 55 taga yetdi
10:46 / 2022-10-26

Yaponiya O‘zbekistonda raqamlashtirish darajasini 70 foizga yetkazish va 2026 yil oxirigacha dasturiy mahsulotlar eksportini o‘n barobar oshirishni ta’minlash bo‘yicha rejalarga ko‘maklashadi.

Bu haqda O‘zbekiston – Yaponiya va Yaponiya – O‘zbekiston qo‘mitalarining 16-yig‘ilishida aytib o‘tildi. 

Mazkur tadbir Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sheriklik aloqalarini rivojlantirishning samarali mexanizmi bo‘lgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev, vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari, Yaponiyaning Itochu korporatsiyasi maslahatchisi, Yaponiya mutasaddi vazirlik va idoralari rahbarlari va yetakchi kompaniya, tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.


Kun tartibi doirasida o‘zaro savdo masalalari muhokama qilindi. 2022 yilning to‘qqiz oyida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi. Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.

Sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni besh barobar ko‘payib, 55 taga yetdi. Joriy yilda 14 ta qo‘shma korxona tashkil etildi. 

 Uchrashuv ishtirokchilari farmatsevtika, tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni faollashtirishga kelishib oldi.

Yaponiyaning eng yaxshi kiber, bio- va nanotexnologiyalarini uzatishni hisobga olgan holda IT va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik yo‘nalishi alohida ko‘rib chiqildi. 

Tadbir doirasida biznes-forum ham bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirokchilar B2B va B2Guchrashuvlarini o‘tkazish va hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha yakuniy bayonnoma va tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlarni aks ettiruvchi bir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.



O‘zA