O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida "Xigashikavaning fotosuratlar shahri sifatida 40 yilligi: Xigashikava fotoko‘rgazmasi" nomli ko‘rgazmaning ochilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi, Yaponiya Fotosanoati instituti va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Yaponiyaning Xigashikava shaharchasi madaniyati, turizm salohiyatini oshirib kelayotgan qadamjolari tushirilgan foto lavhalar namoyish etildi.

Tadbirda qayd etilganidek, Xokkaydo markazidagi Daysetsuzan milliy bog‘i etagida joylashgan Xigashikava shahri 1985 yilda o‘zini "Fotosuratlar shahri" deb e’lon qilgan va o‘z faoliyatini jamiyat rivojlanishining asosi bo‘lgan fotografiya madaniyatidan boshladi.

Shundan buyon, "Xalqaro fotosuratlar festivali", "Foto Koshiyen" va "O‘rta maktab xalqaro almashinuvi fotosuratlari festivali" kabi tadbirlar orqali u mahalliy va xalqaro miqyosda ko‘plab tashkilotlar bilan bog‘lanib, fotografiya orqali jamiyat taraqqiyotini rivojlantirib kelmoqda.

Joriy yilning 1iyun kuni Xigashikava shaharchasi “Fotosuratlar shahri deklaratsiyasi”ning 40 yilligini nishonladi.

Ushbu ko‘rgazmada Xigashikavaning hozirgi ko‘rinishini tasvirlagan 50 ta asar namoyish qilinmoqda.
Ko‘rgazma joriy yilning 19 oktyabrigacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA