Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda yangi demokratik boshqaruv tizimi shakllanmoqda
16:18 / 2022-09-05

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” deb nomlangan asarida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan inqilobiy islohotlar “...butun davlat boshqaruv tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga – “Yangi shaxs”, “Yangi fuqarolik jamiyati”, “Yangi demokratik boshqaruv tizimi”ga olib chiqishni talab qiladi. Bu qat’iy talab, o‘z navbatida, tizimli konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazishni kun tartibiga dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda”.

Mazkur maqsadga erishish uchun 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlat va jamiyat qurilishida qator ustuvorliklar belgilab olindi.

Jumladan, Taraqqiyot strategiyasining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish” deb nomlangan 3-maqsadda mahalliy ijro hokimiyati organlarini demokratik tamoyillar asosida shakllantirish; “Xalq bilan muloqotning mexanizmlarini takomillashtirish” db nomlangan 11-maqsadda – Xalq bilan ochiq muloqotning mexanizmlarini yanada takomillashtirish, muhim qarorlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotini kengaytirish; “Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” deb nomlangan 12-maqsadda – jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, jamoaviy murojaatlar asosida hududiy, tarmoq va davlat dasturlari ijro sifatini tekshirish amaliyotini joriy etish hamda ayrim davlat funksiyalarini amalga oshirish jarayoniga jamoatchilik nazorati sub’ektlarini keng jalb qilish, davlat organlari faoliyatini o‘rganishda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish hamda aniqlangan kamchiliklarni ochiq muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar belgilab berilgan.

Sanab o‘tilgan ana shu va boshqa strategik vazifalarga erishishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyuldagi qarori bilan davlat organlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari huzurida tashkil etilgan jamoatchilik kengashlari faoliyati muhim ahamiyatga ega.

Mazkur kengashlar davlat organlarining aholi bilan ochiq va manzilli muloqot olib borishning yangi samarali vositasi va mexanizmi sifatida e’tirof etilmoqda. Buni bir nechta jihat bilan asoslantirishimiz mumkin.

Birinchidan, birgalikda muloqot qilish, davlat organining nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun davlat organini fuqarolar bilan bog‘lab turadigan «ko‘prik» rolini bajarish jamoatchilik kengashlarining asosiy vazifalaridan biri sifatida e’tirof etildi.

Ikkinchidan, jamoatchilik kengashlari davlat boshqaruvi organlariga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni umumlashtirish va baholash vakolatiga ega bo‘lishdi.

Uchinchidan, jamoatchilik kengashlari qator muhim masalalarni hal etishda faol ishtirok etish huquqiga ham erishdi.

2021 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti mazkur jamoatchilik kengashlari faoliyatini kompleks ravishda o‘rganish va uni yanada jonlantirishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olgan.

Buning uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birga Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihani respublikaning uchta pilot tumanlarida: Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida, Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida va Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida amalga oshirib kelmoqda.

Loyiha doirasida pilot tumanlarning mahalliy davlat hokimiyati: tuman hokimi va xalq deputatlari Kengashi huzurida jamoatchilik-maslahat kengashlarini shakllantirishdan boshlab mazkur tuzilmalar faoliyatini rejalashtirish va yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan barcha institutsional, tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, jamoatchilik-maslahat kengashlari faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, kengash a’zolarining ko‘nikmalarini shakllantirish, ular oldiga qo‘yilgan vazifalar va huquqlarini ro‘yobga chiqarish borasida bilim va mahoratlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2022 yil mart-avgust oylari mobaynida pilot tumanlarda jamoatchilik-maslahat kengashlari faoliyatining asl mazmun-mohiyatini ochib berish, ular oldida turgan asosiy vazifalarni bajarish mexanizmi hamda ularga yuklatilgan huquqlardan foydalanish tartibini tushuntirishga yo‘naltirilgan turkum seminar-treninglar joriy etildi.

Mazkur treninglar jarayonida jamoatchilik-maslahat kengashi a’zolari, masalan, qanday qilib hokim yoki xalq deputatlari Kengashi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikrini yetkazishi va hisobga olinishini ta’minlashi. Fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun hujjatlari talablari ijrosini ta’minlashi, davlat organi zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funksiyalarni bajarishi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishi, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni ro‘yobga chiqarishi bo‘yicha davlat organi va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mumkinligi amaliy tadbirlar, test savollari, o‘yinli mashg‘ulotlar va boshqa interaktiv uslublar yordamida o‘rgatildi.

Hozirgi kunda jamoatchilik-maslahat kengashlari qator ijobiy natijalarga erishgan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Masalan, Kosonsoy tumani hokimligi huzuridagi jamoatchilik-maslahat kengashi tumandagi “Istiqlol” tantanalar majmuasida 2021 yil 3 dekabr kuni “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan tadbir o‘tkazdi. Tadbir davomida tumanda yashovchi nogironligi bor 30 nafar shaxsga nogironlar aravachasi, 7 nafariga eshitish moslamasi, 26 nafariga xassa, 5 nafariga ko‘zi ojizlar xassasi, 20 nafariga qo‘ltiq-tayoq, 13 nafariga tirsakli xassa, 1 nafariga yurish moslamasi berildi. 21 nafar nogiron protez mahsulotlari bilan ta’minlandi. Nogironlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish bo‘yicha 46 nafariga respublikamizning “Kosonsoy”, “Oltiariq”, “Tovokqoy”, “Nuroniy” sanatoriylariga bepul yo‘llanmalar berilishida amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

Yoki Kosonsoy tuman xalq deputatlari Kengashi huzuridagi jamoatchilik-maslaxat kengashi “Gulbog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida “Ochiq byudjet” axborot portalidan eng ko‘p ovoz to‘plab, mahallaning ichki yo‘lini asfaltlashtirish tashabbusini tuman hokimligiga kiritishi natijasida mazkur ishlar boshlab yuborildi.

Shu kabi ishlar Xovos va Sho‘rchi tumanlarida tuzilgan jamoatchilik-maslahat kengashlari tomonidan ham amalga oshirildi.

O‘ylaymizki, respublikaning barcha davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlarining tuzilishi mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat va jamiyat o‘rtasida ta’sirchan hamda samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning mustahkam mexanizmlarini rivojlantirish, ular faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Pirovardida esa O‘zbekistonda yangi demokratik boshqaruv tizimi shakllanadi.

 

Olimjon OQILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor.

O‘zA