O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan "Yangi avlod" maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.
Bunday ta’lim maskanlari 2026-2028-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bittadan tashkil etiladi.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat olib boradi hamda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘yinga asoslangan ta’lim va tarbiya jarayonlarini amalga oshiradi.
Rahbar va pedagog xodimlar, jismoniy tarbiya yo‘riqchisi, musiqa rahbarlari, psixolog, tarbiyachi yordamchilarining tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida Davlat byudjetidan har oylik qo‘shimcha ustama joriy etiladi. Bunda ma’muriy-boshqaruv va pedagog xodimlar lavozimiga qabul qilish oliy ma’lumotli, yuqori salohiyatli nomzodlar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi.
Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlarida:
bolalarning yoshi va rivojlanish bosqichlariga mos ravishda ijod va san’at, fan va matematika, jismoniy faollik va sarguzasht, til va tasavvur hamda robototexnika va ilk algoritmlash yo‘nalishlarida tematik o‘yingohlap tashkil etiladi;
simulyatsion vaziyatlar orqali bolalarda kasblarga qiziqish uyg‘otish, ekologik madaniyatni shakllantirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim-tarbiya jarayoni amalga oshiriladi;
sohaviy oliygoh, malaka oshirish va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda ilg‘or pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish yuzasidan tadqiqotlar olib boriladi, ularning natijalarini pedagoglar va ota-onalar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
a) pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlarni tayyorlash xalqaro ilg‘or tajribalarga mos ravishda takomillashtirilgan ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladi;
b) Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun tegishli oliy ta’lim tashkilotlarida dual ta’lim shaklida (bir kun pedagogika oliy ta’lim tashkilotida, besh kun maktabgacha ta’lim tashkilotida) maktabgacha ta’lim yo‘nalishida to‘lov-shartnoma asosida bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ta’lim jarayonlarini tashkil etishda talabalarning maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi amaliy faoliyatini metodik ta’minlash, muvofiqlashtirish va baholash mexanizmlari joriy etiladi;
v) yangi tashkil etilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga, birinchi navbatda, oliy ma’lumotli tarbiyachilar ishga qabul qilinadi. Bunda belgilangan tartibda tasdiqlanadigan nizomga muvofiq tarbiyachilar tanlov asosida saralab olinadi.
O‘zA