Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolandi
11:21 / 2025-06-22

Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida “O‘zatom” agentligi va S. Berezin nomidagi Tibbiyot instituti o‘rtasida bitim imzolandi. Ushbu hujjat O‘zbekistonda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan Yadro tibbiyoti markazini barpo etishni nazarda tutadi.

Loyiha Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida amalga oshiriladi. Undan ko‘zlangan maqsad  onkologik kasalliklarni aniqlash va davolashda yadroviy tibbiyot imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shu orqali aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishdir.

Bitimga muvofiq, markazda PET/KT, siklotron, magnit-rezonans tomografiyasi (MRT), kompyuter tomografiyasi(KT), gamma-pichoq, kiber-pichoq va yuqori aniqlikdagi chiziqli tezlatkichlar kabi uskunalar bilan jihozlash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, radioaktiv dori vositalarini tayyorlash laboratoriyasi ham tashkil etiladi.

Loyiha doirasida radionuklid terapiyasini joriy qilish va izotop tadqiqotlari yo‘nalishini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan.

"O‘zatom" agentligi axborot xizmatiga ko‘ra,  Sergey Berezin nomidagi Tibbiyot instituti 2003 yili tashkil etilgan. Muassasa Rossiya va MDHning ko‘plab shaharlarida faoliyat yurituvchi zamonaviy diagnostika markazlari tarmog‘ini boshqarib keladi.

Bugungi kunga kelib institut tarkibidagi markazlarda yiliga 1,5 milliondan ziyod MRT va KT tekshiruvlari amalga oshiriladi. Bu o‘rtacha hisobda kuniga 4 mingdan ziyod skanerlash deganidir.

Shuningdek, bitim imzolanishi arafasida “O‘zatom” agentligi delegatsiyasi S.Berezin nomidagi Tibbiyot instituti qoshidagi onkologiya klinikasi va Proton terapiya markazini ko‘zdan kechirib, ularning infratuzilmasi va texnologiyaviy jihozlari bilan yaqindan tanishdi. Ushbu tashrif yaqin hamkorlik va tajriba almashish yo‘lida muhim qadamdir.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA