Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda xotin-qizlarni IT sohasiga jalb etish bo‘yicha muhim tashabbus
10:12 / 2025-08-28

O‘zbekistonda xotin-qizlarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb etish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlanmoqda. "GAP Women IT Union" ayollar IT-klubi “Orzudagi kasb sari yana bir qadam” mavzusida uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbir yosh qizlarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish va ularni xalqaro kompaniyalar talablariga moslashishga yo‘naltirilgan.

Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova va boshqalar xotin-qizlarning IT sohasidagi o‘rnini yanada oshirish xususida fikr-mulohazalar bildirdi.

— Biz ayollarni o‘z salohiyatiga ishonishga undash, ichki kuchini ro‘yobga chiqarish va IT sohasida barqaror karera har bir qiz uchun ochiq ekanini amalda ko‘rsatishimiz zarur. Bunday uchrashuvlar ularga yetakchi mutaxassislardan o‘rganish va kelajak rejalari uchun ilhom olish imkoniyatini yaratadi, — dedi Kamola Sobirova.

Darvoqe, statistika ham bunga dalil bo‘ladi. Agar 2018 yilda oliy ta’lim muassasalarida AKT yo‘nalishlarida taxminan 3 ming 300 nafar qiz tahsil olgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ularning soni 17 ming 700 nafardan oshgan. So‘nggi ikki yil ichida GAP loyihasi butun respublika bo‘ylab mingdan ortiq ishtirokchini qamrab oldi. Ulardan ko‘pchiligi yetakchi kompaniyalarda ish boshladi yoki amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston xalqaro reytinglarda ham o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda. BMTning Elektron hukumat rivojlanish indeksida mamlakat 87-o‘rindan 63-o‘ringa ko‘tarildi. Global Startup Ecosystem Index reytingida ham barqaror o‘sish qayd etildi.

Bunday tashabbuslar mamlakatda IT mutaxassislariga bo‘lgan talab ortayotganini va xotin-qizlarning sohaga faol jalb qilinishi strategik ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi. Shu bois "GAP Women IT Union" “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Nigora Rahmonova,

O‘zA