Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
10:30 / 2025-11-25

25 noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni.

Mazkur kundan boshlab 10 dekabr – Inson huquqlari kuniga qadar dunyo bo‘ylab “Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faollik” global kampaniyasi o‘tkaziladi.

Mazkur tashabbus doirasida joriy yil BMT tomonidan kampaniya “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” mavzusida tashkil etilishi belgilab berilgan.

O‘zbekistonda ham ushbu global tashabbus an’anaviy ravishda qo‘llab-quvvatlanib, mamlakat miqyosida turli yo‘nalishlardagi tadbirlar va muloqotlar orqali keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazib kelinmoqda.

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi boshchiligida, BMT tuzilmalari hamkorligida “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” kampaniyasiga start berildi.

Tadbirda so‘z olgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva xotin-qizlarni har qanday zo‘ravonlikdan, xususan, raqamli makondagi tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib, zo‘ravonlikka qarshi kurash uzluksiz jarayon ekanini qayd etdi.  

– Ayrim zararli stereotiplar jamiyatda urf-odat sifatida talqin qilinishi mumkin, ammo inson huquqlarini buzadigan bunday tasavvurlarni bartaraf etish muhim vazifadir, – dedi T.Norboyeva. –  Hech qanday stereotip zo‘ravonlikni oqlay olmaydi.

Vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xalqaro ekspertlar va BMTning O‘zbekistondagi agentliklari xodimlari ishtirok etgan tadbirda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Mahl mamlakatda oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb belgilash, himoya xizmatlarini kuchaytirish kabi islohotlar raqamli zo‘ravonlikka qarshi kurash uchun muhim baza yaratishini ta’kidlab, raqamlashuv ortib borgani sayin qonun va xizmatlarni ham takomillashtirish zarurligini qayd etdi.

"BMT-ayollar" tuzilmasi Markaziy Osiyo Muvofiqlashtiruvchi ofisi rahbari Jeren Guven Guresh global raqamlashuv tez o‘sishiga qaramay, dunyoda onlayn zo‘ravonlik va texnologiyalar vositasidagi zo‘ravonlik holatlarining katta qismi yashirilgan holda qolishini ta’kidladi. 2025 yilga qadar 117 mamlakat raqamli zo‘ravonlikka qarshi choralar ko‘rayotgan bo‘lsa-da, bu transmilliy tahdidga javoblar hali ham tarqoq va muvofiqlashtirilmagan holda qolmoqda.

Tadbir ishtirokchilari raqamli makonlarni barcha xotin-qizlar uchun xavfsiz, sog‘lom va imkoniyatlar yaratadigan muhitga aylantirish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlarni kuchaytirish zarurligini qayd etdi. Raqamli zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha taklif va tashabbuslar bildirildi.

N.Abduraimova, O‘zA