Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda xorijdan qaytgan migrantlarni ishga qabul qilganlarga subsidiya berilishi kutilmoqda
14:53 / 2022-05-20

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelgan fuqarolarni ish bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi regulation.gov.uz portaliga muhokamaga qo‘yildi.

Mazkur qaror loyihasida har bir tuman va shaharda xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarining Reintegratsiyasi markazlarini tashkil etish nazarda tutilmoqda. 

Shuningdek, Reintegratsiya markazi asosan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga manzilli xizmat ko‘rsatish va ularning ehtiyojlarini aniqlab, vakolatli organlarga yuborish va bajarilishini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi. 

Bundan tashqari, markaz xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga ularning ma’lumoti, mutaxassisligi, xorijiy davlatlarda orttirgan ish tajribalaridan kelib chiqib bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi. 

Belgilanishicha, 2022 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 yanvargacha Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarini ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 1,5 baravari miqdorida subsidiya beriladi. 

Shuningdek, 2022 yil 1 iyuldan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida orttirgan mablag‘lari hisobidan O‘zbekistonda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan mehnat migrantlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun “50 x 50” tamoyili asosida dastur joriy etiladi. 

Bunda, loyiha umumiy qiymatining 50 foizi miqdorida, lekin BHMning 150 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya ajratiladi. 

Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yoki qaytib kelgan mehnat migrantlarining kamida 1 ming nafariga ishlab chiqarish, qishloq ho‘jaligi, qurilish, transport, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi har bir loyiha uchun BHMning 500 baravarigacha kredit ajratiladi. 


O‘zA