“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xokkey sport turini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, quyidagilar xokkey sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
xokkey sport turi bo‘yicha terma jamoalar va sport klublari uchun sport zaxirasini yaratish, iqtidorli sportchilarni saralash (seleksiya)ning raqamlashtirilgan tizimini joriy qilish;
xokkey sport turi bo‘yicha malakali trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish;
chet ellik mutaxassislar, trener va sportchilarni jalb etish hamda ular bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish;
xokkey sport turi bo‘yicha infratuzilmani yanada yaxshilash hamda xalqaro talablarga muvofiqlashtirish.
2025 yildan boshlab har yili:
xokkey sport turi bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va chet ellik mutaxassislar ishtirokida seminar-treninglar, shuningdek, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazib borish tashkil etiladi;
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining "Sport faoliyati" (xokkey)" bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari xokkey klublari sport bazalarida amaliyot o‘taydilar.
Qarorda 2025-2027 yillarda Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasi hududida Xokkey sport majmuasi barpo etish belgilangan. Majmua qurib bitkazilgandan so‘ng O‘zbekiston xokkey federatsiyasiga tekin foydalanish huquqi asosida beriladi va xokkey sport turi bo‘yicha terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot jarayonini va sport musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston xokkey federatsiyasining asosiy bazasi hisoblanadi.
O‘zbekiston xokkey federatsiyasi, xokkey sport turi bo‘yicha sport klublari va nodavlat sport ta’lim tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga xokkey sport turi bo‘yicha jalb etiladigan chet ellik trener, sportchi va boshqa mutaxassislar uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma tegishli to‘lovlarni undirmagan holda beriladi (uzaytiriladi);
2024-2029 yillarda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xokkey bo‘yicha bolalar va o‘smirlar sportini yanada rivojlantirish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda ilg‘or ilmiy tajribalarni joriy etish hamda milliy terma jamoalar sportchilarini samarali tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida har yil Davlat byudjetidan 2 milliard so‘m mablag‘ O‘zbekiston xokkey federatsiyasiga ajratiladi.
2028 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston xokkey federatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, xokkey sport turi bo‘yicha sport klublari va nodavlat sport ta’lim tashkilotlari tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan hamda O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari, inventarlari, translyatsiya qilish bilan bog‘liq barcha asbob-uskunalar va texnikalar, farmakologiya mahsulotlari, sport ozuqalari, maxsus professional sport kiyimlari, maxsus texnika va transport vositalari, shuningdek, xokkey sport turida foydalaniladigan boshqa barcha mahsulotlar uchun bojxona boji to‘lovlaridan (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno) ozod qilinadi.
O‘zA